AEROLOGIYA

AEROLOGIYA (Aero… va Yunoncha logos — so’z, tushuncha, bilim) — ATM. fizikasining erkin atmlagi (yer sirtiga tutashuvchi qatlamdan balanddagi) fizik hodisalar va jarayonlarni o’rganuvchi bo’limi. Balandliklarda ATM. tarkibi, bulut va yog’inlarning hosil bo’lishi, har xil balandlikdagi havo oqimlari, havo massalarining o’zaro ta’siri va boshqalarni o’rganadi. Ob-havoni oldindan aytish usullarining tobora takomillashuvi, yuqori balandliklarda uchish imkoniyatlarining kengayishi tufayli butun dunyoda Aerologiya tez rivojlandi. Yerning sun’iy yo’ldoshlari uchirilishi yuqori ATM.ni o’rganish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Aerologiya ixtiyorida yerning sun’iy meteorologik yo’ldoshlari, elektron asboblar, radiolokatsiya vositalari, maxsus jihozlangan samolyotlar, raketa, radiozond va takomillashgan aerostatlar mavjud.