AEROMAGNIT SURATGA OLISH

AEROMAGNIT SURATGA OLISH (s’yomka) — yer magnit maydonini samolyotlar yordamida o’rganish usuli. Bu usul Aeromagnitometr ixtiro qilingandan (1936) keyin qo’llanila boshlandi. Keyinchalik temir konlarini qidirish, geologik xaritalar tuzish va ularni aniqlashda keng foydalaniladigan bo’ldi. Magnit maydonining to’liq miqdori Aeromagnit suratga olish vaqtida bir-biriga parallel yo’nalishlarda (o’rganilayotgan hududni to’la qoplash yo’li bilan) o’lchanadi. Aeromagnit suratga olish natijalari uchish balandligiga bog’liq: qancha past uchilsa, shuncha mayda ob’yektlar aniqlanadi. Olingan ma’lumotlar yer magnit maydoni kuchlanishining vertikal miqdorini ko’rsatuvchi izochiziqlar xaritasi yoki o’lchanayotgan miqdorning yo’nalish (Profil) bo’yicha o’zgarishini ko’rsatuvchi jadvallar orqali tasvirlanadi. Samolyotda qisqa vaqt ichida juda katta hududlarni o’rganish mumkin. Bu esa foydali qazilma konlarini topish va ularning tarqalish qonuniyatlarini o’rganishga yordam beradi. Aeromagnit suratga olishda yer sun’iy yo’ldoshlaridan ham foydalaniladi.