AHMAD DONISH MAXDUM IBN NOSIR

AHMAD DONISH MAXDUM IBN NOSIR (taxallusi kalla; 1826 — Buxoro — 1897) — yozuvchi, rassom, xattot, olim, ma’rifatparvar. 19 – asrda Buxoro taraqqiyparvar muhitining yuzaga kelishida muhim o’rin tutgan. Tojik tilida ijod qilgan. Mudarris oilasida tug’ilgan. Ahmad Donish boshlang’ich savodni onasidan olgan, so’ng maktabda, madrasada tahsil ko’rgan. Adabiyot, tarix, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya ilmini mustaqil o’rgangan. Xattotlik, rassomlik va naqqoshlikni yaxshi bilgan, munajjimlikdan yaxshi xabardorligi bilan Nasrumaxon nazariga tushgan. 1857, 1869, 1873 yillarda Buxoro amiri elchilarining mirzasi bo’lib, Rossiya (Peterburg) ga borgan. Safar taassurotlari asosida «Navodir ul-vaqoe'» («Nodir voqealar») va «Tarjimai ahvoli amironi Buxoro» («Buxoro amirlarining tarjimai hollari») kabi asarlar yozgan. Ularda amirlik tuzumini isloh qilish masalasini ko’gargan. Ahmad Donish Amir Muzaffar taklifi bilan «Manozir ul-kavokib» («Sayyoralarning joylashishlari») nomli astronomiya (ilmi nujum) ga oid kitob yozgan (1865). 1870 — 73 ylarda islohot haqida «Risolai dar nazmi tamaddun va taovun» («Madaniyat va jamiyat tartibi haqida risola») asarini yaratgan. Biroqundagi fikrlar amirga yoqmagan va uni saroydan uzoqlashtirgan (1874). Ahmad Donish ma’lum muddat Buxoro tumanlarida qozi lavozimida ishlagan. Amir Muzaffar vafotidan so’ng Buxoroga qaytgan, madrasalardan birida mudarrislik qilgan. Ahmad Donish «Nodir voqealar» asarida fan, texnika yangiliklari, tabiat hodisalari, geografiya, insonning uzoq umr ko’rishi, koinotning kelib chiqishi, oy va Quyosh tutilishi, zilzila haqida fikr yuritgan, Yevropa ilm-fanini o’rganishga da’vat etgan. «Risolai tarixiy» nomi bilan mashhur bo’lgan «Ta’rixi saltanati xonadoni mang’itiya» asarida mang’itlar sulolasining 100 yillik hukmronligi taxlil va tadqiq qilingan. Ahmad Donish chizgan ayrim rasmlar saqlangan. «Maktab» nomli miniatyurasida xotinqizlarni o’qitish g’oyasi ilgari surilgan. 15 – asr miniatyura san’ati uslubida chizilgan «Shoir va darvish» miniatyurasi, «Majnun sahroda» nomli 2 miniatyurasi, bangining hajviy rasmi, o’zi ko’chirgan va bezagan Bedil asarlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 373) va O’zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanadi. Toshkentdagi ko’chalardan biriga Ahmad Donish nomi berilgan. Ad.: Mo’minov I., O’zbekiston ijtimoiy-falsafiy tafakkuri tarixidan, T., 1964.