BALIQLITOV

BALIQLITOV — Nurota tizmasining shimoliy etaklaridagi qoldiq tog’. Qo’ytosh tog’laridan 10 — 12 kilometr shimolda. Baliqlitovning Janubiy-Sharqiy yon bag’ri qiyaroq, shimoliy-g’arbiy yon bag’ri yotiqroq. Uzunligi taxminan 17 kilometr, eni 0,5 — 1 kilometr. Mutlaq balandligi 581 metr (Boyzag’ir tog’i). Baliqlitov paleozoyning metamorfik ohaktoshlaridan tarkib topgan. Yon bag’irlarida qiska soy ko’p. Baliqlitovdan yaylov sifatida foydalaniladi.