AHMAD JALOYIR IBN SULTON UVAYS

AHMAD JALOYIR IBN SULTON UVAYS (? — 1410) — Jaloyiriylar sultoni (1382-1410). Akasi Husayn hukmronligi davrida Basra noibi bo’lgan (1375 yildan). 1382 yil isyon ko’tarib poytaxt Tabrizni egallagan va akasini qatl etishga farmon bergan; biroq qolgan akalari bilan bo’lgan shiddatli kurashlardan so’nggina davlatning oliy hukmdori deb tan olingan (1384 yildan). Hukmronligining dastlabki yillari (1386-87) da Tabrizni To’xtamishxon, so’ng Amir Temur, keyin qora qo’yunlilar boshlig’i qora Muhammad egallagan. 1393 yil Tabrizdan keyingi ikkinchi yirik shahar — Bag’dod ham Temur tomonidan zabt etilgan. Ahmad Jaloyir Misrga qochgan va 1394 yil yanvarda Bag’dodga qaytib, qora qo’yunlilardan qora Yusuf yordamida bir necha yil hokimiyatni boshqargan. 1401 yil iyulda Bag’dod Temur tomonidan ikkinchi marotaba fath qilingan; Ahmad Jaloyir shaharni ilgariroq tashlab chiqib qora Yusuf bilan birga avval Shom (Suriya) ga, so’ngra Kichik Osiyoga yo’l olgan. Temur va Boyazid o’rtasidagi urushdan foydalanib, Bag’dodni qisqa muddat egallab turgan, so’ng ittifoqchisi qora Yusuf bilan yana Shomga qochgan. Bag’dodni egallagan temuriy Shahzoda Abu Bakr ularni ta’qib qilgan. Shomda Ahmad Jaloyir va qora Yusuf hibsga olingan va 1405 yilda, Temur vafotidan so’nggina ozod qilinganlar. 1410 yil 30 avgustda Ahmad Jaloyir qo’shini Tabriz yaqinida Qora Yusuf tomonidan tor-mor keltirilgan, o’zi esa qatl etilgan. Manbalarga ko’ra, Ahmad Jaloyir shafqatsiz, makkor hukmdor bo’lsada, Jasur jangchi, olimlar, shoirlar rahnamosi bo’lgan, Arab va fors tillarida she’rlar hamda musiqaga oid bir qancha risolalar yozgan.