AHMAD ZIYOIY

AHMAD ZIYOIY (1906, Qashqar -?) -uyg’ur shoiri, dramaturg, tarjimon, navoiyshunos. Ijodida Navoiy an’analarini davom ettirib, uning ilg’or g’oyalarini o’z asarlariga tatbiq qilgan. “Xasta dillar” (1936), “Taqdir” (1940), “Muxammaslar” (1943), “To’zimas chechaklar” (1945) she’riy to’plamlarida yuksak insoniy tuyg’ularni tarannum etgan. “Vadoq yo’lida karvon” romani (1948) va A. Nizoriyning “Robiya va Sa’din” dostoni asosida shu nomda musiqaviy drama yaratgan. Navoiy va Nizoriy g’azallariga muxammaslar bog’lagan. “Hazrat Navoiy va Abdurahim Nizoriy” asarida Navoiy adabiy merosining Abdurahim Nizoriy ijodiga va umuman uyg’ur adabiyotiga ta’sirini taxlil etgan. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarini uyg’urchaga tarjima qilgan (1950 — 53).