Anor nima?

Anorning juda qiziq tarixi bor. Qadimgi yunon rivoyatida hikoya qilinishicha, anor Persefona Aid saltanatida tatib ko’rgan mevadir. U oltita anor donasini yegani uchun har yilning olti oyini yer osti saltanatida o’tkazishga majbur bo’lgan. Yunonlar sersuv va donasi ko’p anorni qora kuch ramzi deb bilishgan. Xitoyda esa u hosildorlik ramzi sanalgan. Tavrotda keltirilishicha, Sulaymon alayhissalomning anorzori bo’lgan ekan. Isroilliklarning, cho’llarda sargardon bo’lib yurishganida, o’zlari Misrda ko’nikib qolgan anorni yegilari kelgan. Muhammad alayhissalom o’z ummatlariga: “Anor englar, u yurakni hasad va nafratdan forig’ qiladi”, deb maslahat bergan. Shunday qilib, anorga sharqda qadim zamonlardan beri katta ahamiyat beriladi. Anor Erondan tarqalgan, deb taxmin qilinadi, ammo u azal-azaldan Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika va Janubiy Yevropaning issiq mamlakatlarida yetishtirilgan. Ayni paytda Janubiy va Markaziy Amerika hamda AQShda keng tarqalgan. Anor butasining uzunligi 1,5 — 6 metrga yetadi. Uning yaproqlari yaltiroqdir, ingichka shoxlarining uchida qip-qizil guli bo’ladi. Uning mevasi apelsinday, undan ham katta bo’ladi. Anorning po’stlogi qizil aralash sap-sariq tusda bo’ladi. Mevaning ichida och qizil va qip qizil urug’ donalari bor. Urug’lar qoplangan shirin va sersuv massadan yaxna ichimliklar tayyorlashda foydalaniladi. Bu sharbat iqlimi jazirama va quruq o’lkalarda yashayotgan kishilarga qo’l keladi. O’zbek shoirasi Uvaysiyning anorga bag’ishlangan ajoyib chistonini yod olmagan o’zbek bolasi bo’lmasa kerak. Anorning turi ko’p. Bir Arab kishisi bundan 700 yildan oshiqroq vaqt burun anorning Ispaniya hududida o’sadigan 10 ta navini tavsiflab bergan. AQShda anorning uchta turi yetishtiriladi. Ularning “ajoyib anor”, “Peypershell” va “ispan la’li” degan nomlari bor.