ARISTOTEL

(miloddan avvalgi 384 – 322-yillar) Miloddan avval 4-asr boshlarida yunon faylasufi Platon o’zi tashkil qilgan maktabda shogirdlari bilan suhbatni soya-salqin bog’da, afsonaviy qahramon Akadem haykali oldida o’tkazar edi. Shunga ko’ra, u tashkil etgan maktabni Akademiya deb atay boshlashgan. Platonning shogirdlaridan biri Stagira shahridan edi. U hamma narsani ham to’g’ri deb qabul qilavermas, ustоzidan o’rganganlarini tekshirib kо‘rishga harakat qilardi. “Platon menga do’st, ammo haqiqat qadriiroq”, der edi u. Bu Aristotel edi. O‘rta asr Sharqida Aristotel — Arastu, Platon esa Aflotun deb atalgan. U vaqtlarda kishilar o’zlarini o’rab turgan olam haqida juda oz narsa bilardilar. Aristotel esa imkoni boricha ko’proq narsa bilishni istardi, o’sha vaqtda olimlarga ma’lum bo’lgan bilimlarning hammasini – tabiat va olam haqidagi bilimlarni yagona fanga jamlashni xohlardi. Shuning uchun u o’sha davrdagi fanning deyarli barcha sohalari bilan shug’ullandi. Ko’p kashfiyotlar qildi, yangi fanlarga asos soldi. Masalan, u yaratgan fanlarning biri meteorologiya – ob-havo haqidagi fandir. Aristotel birinchilar qatorida Yer va Oy sharga o’xshash dumaloq shaklga ega ekanligini kashf qildi. U shamol va dengiz oqimlarining kelib chiqishini tushuntirdi, kasalliklarni davolashda yangi vositalarni axtarib topdi, to’g’ri fikrlash haqidagi fan – mantiq asoslarini ishlab chiqdi. Davlat va inson hayoti maqsadlari haqida ham o’z ta’limotini yaratdi. Lining fikricha, davlatning eng yaxshi shakli o’rta tabaqa hokimiyatidir. Albatta, Aristotel hamma narsada ham haq emasdi. Masalan, u Yer olamning markazida joylashgan, deb hisoblardi. Aristotel ilm taraqqiyotiga g’oyat ko’p hissa qo’shdi. Tabiatni o’rganishni istagan olim qanday mehnat qilishi kerakligini ko’rsatib berdi. U birinchilardan bo’lib hayvonlar ustida tajriba o’tkaza boshladi, birinchi bo’lib tabiat hodisalarini muttasil ilmiy kuzatdi, birinchi bo’lib ilmiy ashyoviy dalillar yig’a boshladi. Aristotel qadimgi dunyoning buyuk mutafakkiridir. Uning asarlarini o’rganish, g’oyalarini targ’ib qilish va rivojlantirishda O’rta Osiyo mutafakkirlari juda katta rol o’ynadilar. Aristotel o’rta asr Sharqida “Birinchi muallim”, deb atalar edi. Forobiy uning asarlarini mukammal bilishi, u kabi qomusiy bilim sohibi ekanligi sababli “Ikkinchi muallim”, “Sharq Arastusi” degan buyuk unvonga sazovor bo’ldi. Abu Ali ibn Sino Aristotel va Forobiyning ilg’or g’oyalarini tabiatshunoslik ilmining yangi yutuqlari asosida yanada rivojlantirdi va “Uchinchi muallim” degan buyuk unvonga ega bo’ldi. Aristotelning “Osmon haqida” va “Fizika” asarlari yuzasidan Beruniy bilan Ibn Sino o’rtasida bo’lib o’tgan ilmiy munozaralar O’rta Osiyoda Aristotel merosiga qiziqish yuqori darajada bo’lganligini va tabiiy-ilmiy bilimlarni rivojlantirishga intilish kuchli ekanligini ko’rsatdi. Bu munozara ilm tarixida katta ahamiyatga egadir. Munozara birinchi marta O’zbekiston Fanlar akademiyasida tarjima qilinib, nashr etilgan. Aristotel o’rta asr Sharqida juda katta obro’ qozondi va ilm-ma’rifatning himoyachisi, bayroqdori bo’lib tanildi. Uning merosi ma’naviy madaniyatning keyingi taraqqiyotida katta rol o’ynadi. Aristotel vafotidan so’ng u asos solgan maktab faoliyatini boshqa faylasuflar davom ettirib, tabiiy-ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishdi.