ASALARI

Asalni xush ko’rmaydigan odam bo’lmasa kerak. Bu ajoyib mahsulot asalari uyasidagi mum kataklaridan olinishini hamma yaxshi biladi. Uyaga esa asalni asalari olib keladi. Asalarini bolari deb ham atashadi. Asalari qadimdan qimmatbaho mahsulotlar bo’lgan asal, propolis, mum, ona asalari suti, asalari zahari va boshqalarni olish, qishloq xo’jaligi ekinlarini changlatish uchun boqiladi. Asalarilar oila bo’lib yashaydi. Bir oilada bir ona asalari bir necha ming ishchi asalari va bir necha yuz erkak asalari bo’ladi. Bitta mitti asalari qancha ham asal olib kelishi mumkin? Axir bitta asalari uyasidan o’nlab kilogramm asal olinadi-ku! Mevali daraxt va turli-tuman o’simlik gullaridan shira — nektar va gul changini yig’ib, keyin u bir kilogramm asalga aylanishi uchun asalari 300 ming kilometr masofaga uchib (bu Oygacha bo’lgan m asofaning ¾ qism ini tashkil etadi), 19 million gulag qo’nishi lozim bo’ladi. Bir necha kilogram asal olish uchun esa asalari millionlab kilometr masofani uchib o’tishi kerak. Albatta, bitta ishchi asalari butun hayoti davomida bu ishlarni bir o’zi bajara olmaydi. U faqat 30— 35 kun yashaydi. Xalqimizda asalarining mehnatsevarligi maqolga aylanganligi bejiz emas. U soatiga 60 kilometr tezlikda uchib, kuniga taxminan 7 ming gulga qo’nadi. Uning barcha a’zolari mevali daraxt va o’simlik gullaridan nektar yig’ishga moslashgan: orqa panjalaridagi maxsus tuklari va savatchalari yordamida gul changini yig’adi va tashiydi, uzun xartumchasi va buqog’ida gul changini asalga aylantiradi. Bulardan tashqari asalarida asalbop o’simlik haqida bir-biriga xabar beruvchi murakkab signal sistemasi ham bor. Qiziq, asalarilarga shuncha ko’p asal nimaga kerak? Bu shuning uchunki, asalarilar qishda uxlashmaydi, asal esa ularning qishki ovqatidir. Ma’lumki, qish oylarida o’simlik gullamaydi. Shu boisdan asalarilar yoz bo’yi tinmay mehnat qilib, o’zlariga ham, odamlarga ham bemalol yetadigan asal to’plashadi. Bundan tashqari, uyadagi mumda bo’lajak asalari lichinkalari ham bo’ladi. Katta asalarilar ularni asal va gul changi bilan boqishadi. Asalarilar mehnati qat’iy taqsimlangan: ba’zilari ovqat topadi va uni uyaga tashib keladi, ikkinchilari ularni qabul qilib oladi va uyalardagi mum kataklarga taqsimlab chiqadi, uchinchilari katak ichini tozalaydi, to’rtinchilari qanotlarini qoqib, uyalarini muntazam shamollatib turadi. Beshinchilari eshik oldida “qo’riqchilik” qilib, ya’ni dushmandan muhofaza qilishadi, oltinchilari esa qurtchalarni boqadi. Bularning hammasini ishchi asalarilar bajaradi. Ishchi asalarilar oilada 60— 80 mingta bo’lib, uyadan 2-3 kilometr va undan ham uzoqroq masofaga uchib borib, shira olib kelish va gul changini yig’ish, nektarni asalga aylantirish, katak qurish kabi ishlar bilan ham shug’ullanadi. 5 yilgacha yashaydigan ona asalari bunday ishlarda qatnashmaydi, uning atrofida hamisha erkak asalarilar parvona bo’lishadi. Ona asalari uyada bir o’zi tuxum qo’yadi va kelajakda ulardan yosh asalarilar yetishib chiqadi. Odamlar juda qadim zamonlardan beri asal iste’mol qilib kelishadi. Ilgari yovvoyi asalari asalini yig’uvchi maxsus ovchilar bo’lgan. Kishilar asalarini “qo’lga o’rgatishganiga ham ko’p yillar bo’ldi, shundan beri ular maxsus qutilar qo’yilgan joylarda boqiladi. Uning bir necha mahsuldor zotlari yaratilgan. Odamlar asalari ne’matidan qadim-qadim zamonlardan beri foydalanib kelishayotganiga qaramay, yaqin-yaqingacha uning fe’l-atvori haqida deyarli hech narsa bilmas edilar. Masalan, asalarilar o’rtasidagi o’zaro signal, ya’ni xabar berish usulini olib ko’raylik. Bu vosita orqali ular qayerda ko’proq gul changi yoki ko’proq nektar yig’ish mumkinligi to’g’risida bir-biriga xabar yetkazadi. Ko’pincha odamlar asalari uyasiga qaytib kelgach, uning atrofida raqs tushgandek aylanaverishini kuzatishgan. Buning siri yaqinda oshkora bo’ldi. Ma’lum bo’lishicha, razvedkachi asalarilaming raqsga tushishiga qarab boshqa asalarilar uyadan qancha masofa uzoqda gulzor borligini, ular qanday gul ekanligi va oz-ko‘pligini bilib olishar ekan! Asalarilarning g’uvillashida ham ma’lum ma’no bo’lishi kerak. Olimlar hozir mana shu sirni topish ustida tadqiqot olib borishmoqda. Asalarilar ajoyib shifokor hamdirlar. Asalning shifobaxsh ekanini odamlar qadimdanoq bilishgan. Hatto hadisda ham uning shifobaxshligi ta’kidlangan. Abu Ali ibn Sino esa o’zining “Tib qonunlari” da: “Asal a’zolarimizdagi suyuqlik o’tkazuvchi tomirlarni kengaytirish va tozalash xususiyatiga ega. U ichki a’zolardagi fasodni haydab chiqaradigan narsa … Asal ko’z xiralashishiga ham dori… Tomoq og’riq (angina)ni ham davolaydi…” deb yozgan va asaldan o’nlab dorilar tayyorlash mumkinligini aytgan edi. Darhaqiqat, asal faqat to’yimli oziqgina bo’lib qolmasdan, balki ba’zi zararli mikroorganizmlarni halok etadi, bundan tashqari uning tarkibida odam organizmi uchun juda zarur bo’lgan A provitamini ko’p. Asalarilar bo’lajak ona-asalarini boqadigan maxsus aralashma – asalari suti ham qimmatbaho shifobaxsh dori hisoblanib, u yurak faoliyatini yaxshilaydi, ishtahani ochadi va organizmning turli kasalliklarga qarshilik ko’rsatish qobiliyatini oshiradi. Ammo asalarining eng qimmatbaho dorisi uning zaharidir. Asalari chaqishi, albatta, noxush, bordi-yu bir yo’la 400 asalari chaqsa, odam halok bo’lishi ham hech gap emas. Biroq asalari zaharidan to’g’ri foydalanilsa, u odamni ko’pgina kasalliklardan xalos etadi. Ekinlarni changlatishi asalarining yana bir ajoyib xususiyatidir. G’o’za, mahsar, beda kabi ekinlar asalarilar yordamida changlanganda hosildorligi 20— 25% ortadi.