ASL METALLAR

Dengiz tubida g’arq bo’lgan kemalar yotibdi. Ularning yelkanlari allaqachonlar chirib ketgan, kema bortining qoldiqlarini chig’anoq va suvo’tlar qoplagan, temir qismlarini esa zang bosgan. Bronza zambaraklar dengizning sho’r suvi ta’siridan qorayib ketgan. Faqat kemadagi oltin va kumush tangalargina uzoq yillar davomida deyarli o’zgarmagan. Odamlar qadim zamonlardayoq oltin va kumushning g’aroyib xossalarini payqashgan edi. Bu metallar havoda o’z jilvasini yo’qotmagan, suvda zanglamagan, o’yuvchi kislota va ishqor eritmalarida erimagan. Mustahkamlik va o’zgarmaslik hamma davrda asllik belgilari sanalgan. Shuning uchun odamlar oltin va kumushni asl metallar deb atashgan. Buning ustiga ular kam uchragan. Shu sababli deyarli hamma mamlakatlarda odamlar buyum qimmatini asl metallar qimmati bilan qiyoslashgan. Kimning oltin va kumushi qanchalik ko’p bo’lsa, u shunchalik badavlat, aslzoda, qudratli hisoblangan. Oltin va kumush tufayli urushlar bo’lgan. Bundan 300 yil avval Janubiy Amerika konlarida ispanlar oltin yuvishga xalal bergan og’ir metallni jahllari chiqib bazo’r uloqtirib tashlashardi. Ular kelajakda bu metall oltindan ham qadrliroq bo’lishini xayollariga keltirmagan holda uni “platina” (ispan tilida “kumush” degani) deb atashgan. Kim yogarlar platinani o’rganishga kirishib, platinali metallar guruhini aniqlashdi. Ular orasida Yerdagi eng og’ir metall — osmiy ham bor edi. U qo’rg’oshindan ikki 59 marta, temirdan esa deyarli uch marta og’ir. Barcha asl metallar, avvalo, platina hozirgi zamon texnikasida qo’llaniladi. Platinadan maxsus kimyoviy idish – platina tigeli tayyorlanadi, chunki platina yuqori haroratlarga chidamli, o’ta darajada qiziganida ham havo tarkibidagi kislorod bilan birikmaydi va o’z vaznini o’zgartirmaydi. Platina bilan iridiy qotishmasidan kilogram o’lchov namunalari yasalgan. Shu asosda barcha mamlakatlarda tarozilar tekshirib turiladi. Projektorlar ko’zgusi asl metall rodiy bilan qoplanganligi uchun u yuqori haroratda ham o’z yaltiroqligini yo’qotmaydi. Kimyogarlar asl metallarning boshqa muhim xossalarini ham aniqlashgan. Ularning ba’zilari (ayniqsa, platina va palladiy) ishtirokida ko’pgina kimyoviy reaksiyalar o’n va yuz ming marta tezlashadi. Kumushga ham ish topildi. Usiz fotografiya ham, kino ham bo’lmasdi: axir kumushning ayrim birikmalari yorug’likka sezgirligi tufayli fotoplyonkada tasvir hosil bo’ladi. Kumush a’lo darajadagi elektr o’tkazgichdir. Undan elektron rele kontaktlari ishlanadi, radiopriyomnik qismlari kumush bilan qoplanadi. Oltinga bo’lgan munosabat ham o’zgardi. U endi faqat zargarlik buyumlari yasashdagina qo’llanilmaydi. Elektr vakuum asboblaridagi kontaktlar oltindan tayyorlanadi, oltinsiz tranzistor ham yasab bo’lmaydi. Oltinning platina bilan qotishmasi eng chidamli kimyoviy idishlar tayyorlashda ishlatiladi.