Avliyoota, Turkistonni va Chimkentning bosib olinishi

1861 yilning 25 oktabrida general-leytenant Debu boshchiligidagi rus qo’shini xonlikning Yangiqo’rg’on qal’asini vayron qilib tashladi. Keyinchalik 1862 yilda polkovnik Kalpokovskiy 4 ta rota, 2 yuzlik va 4 zambarak qo’shin bilan Marki nomidagi Qo’qon istehkomini egalladi. General-leytenant Debu 550 piyoda, 300 kazak va 10 zambarak bilan Dinqo’rg’on qal’asini bosib oldi. 1863 yil 4 iyunda polkovnik Chernyayev o’z qo’l ostidagi 87-Sibir batalonining 3,5 o’qchi rotalari, 9-g’arbiy Sibir kazaklari artilleriyasining 1-vzvodi piyoda tog’ batareyasi va Sibir kazaklari polka bilan Avliyootani urushib oldi.

O’sha yili 18 iyundan 1 iyulgacha podpolkovnik Lerxni 2 ta rotasi, 1,2 yuzlik, 2 ta tog’ zambarak va 1 raketa moslamasi bilan Qorabura dovonidan oshib Qo’qon askarlarini qirib tashladi va qora-qirg’iz qabilalarini bo’ysundir. 1864 yilning 12 iyunida 412 rota, 10 zambarak, 6 mortira va 2 raketa moslamasi bilan polkovnik Verevskiy Turkistonga hujum qildi. Bu jangda mahalliy xalq vakillaridan ko’p kishilar halok bo’ldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, chor qo’mondoni agar shahar taslim bo’lmasa, Ahmad Yassaviy maqbarasiga to’p otilishi va vayron qilinishini ma’lum qilgan. Shundan keyingina himoyachilar urushni to’xtatishga majbur bo’lganlar. Turkistonni Rus davlati tomonidan egallanishi Toshkent va umuman Qo’qon xonligi uchun katta xavf tug’dirdi. Qo’ldan ketgan joylarni qaytarib olish va Chor hukumati askarlarining yurishini to’xtatish uchun Qo’qonda tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, xonlikning hamma joylaridagi qo’shin to’planib, harbiy qurollar bilan ta’minlandi. So’ngra Qo’qon xoni Saidxon va lashkarboshi Alimqul askarlar bilan Toshkentga jo’nadi. Bu yerda ham harbiy tayyorgarlikka zo’r e’tibor berilib, Alimqul ko’p qo’shin bilan Chimkentga yo’l oladi. Chunki bu vaqtda Chernyayev boshchiligidagi rus otryadining Avliyootadan Chimkent tomon yo’lga chiqqanligi haqida xabar olingan edi. Shundan keyin qo’shinlar va askarlar tong otar paytida yo’lga otlanib, har bir mahalla oldida xalqdan “duoi fotiha” olib shahardan chiqib ketgan. Bularni xalq yaxshi niyat va yig’i-sig’i bilan kuzatib qolgan.

Xon qo’shinlaaridan har bir shaharning askari alohida qismni tashkil etib o’z boshlig’iga ega bo’lgan. Masalan, toshkentliklarga Mirza Davlat, qipchoqlarga Mingboy, marg’ilonliklarga Yusupboy, xo’jandliklarga Mirzaahmad qushbegi qushbegi boshchilik qilgan. Shunga o’xshash andijonliklar, namanganliklar, o’shliklar va boshqa joylarning harbiy qismlari mavjud bo’lgan. Shuningdek, eshoni Kalon xo’ja, Mo’minxo’ja Sudur, Mirbobo ponsodboshi va Avazmuhammadiy singari sarkardalar ham qo’shinga rahbarlik qilganlar. Qo’shinga shaxsan Alimqulning o’zi boshchilik qilgan.

Chimkentdagi jangni qipchoqlar boshlab keyin toshkentlik va boshqa shahar otryadlari davom ettirganlar. Dastavval bir kecha-kunduz davomida ikkala tomon o’rtasida to’plardan otishuv bo’lgan.

“So’ngra to’rt tomondan, – deb yozadi Solih Toshkandiy, – askarlar otdan tushdi va to’rt tomondan karpaylar chalinib, rus qo’shinlariga qarshi hujumga o’tildi. O’sha onda hozir bo’lgan kishilarni so’zicha xon qo’shinlari 2-3 ming qadamgacha to’xtovsiz olg’a qarab choptilar. Ikki o’rtada bir yarim ming qadamcha masofa qolganda rus askarlari tomonidan birdaniga to’p va miltiqlardan yomg’irdek o’q bo’ron qildilarki, maydonda birdaniga 12 ming kishi o’ldirildi, ularning oh, nola va faryodlari osmonga taraldi. Hatto bu fojeali manzaradan ruslarni o’zlari ham hayratda qolib barmoqlarini tishlab baland ovoz bilan baqirdilarki, ey musulmonlar, biz urushni to’xtatdik, o’luk va yaradorlrni maydondan olinglar, dedilar”.

Shundan keyin Qo’qon lashkarboshisi Alimqul huzuriga N.A.Severtsev nomli rus elchisi kelib sulh tuzishni taklif etadi. Bu taklif xon tomonidan sardor va amaldorlar muhokamasiga qo’yilib fikr almashuv o’tkazildi.

Ayrim amaldorlar sulh tuzishni quvvatlagan bo’lsada, boshqa bir guruh kishilar, shu jumladan Toshkent amaldorlari unga qarshi chiqib, sulh tuzish aldashlik nuqtai nazaridan taklif etilayotganligini uqtirib o’tdilar. Pirovardida rus otryadlarini Turkistonga qaytib ketishi haqida rus elchisi bilan kelishildi. Shunga binoan rus qo’shinlari Turkistonga yo’l oldi. Bu shundan guvohlik beradiki, rus qo’shinlari Chimkentni egallashga qurbilari yetmay orqaga qaytishga majbur bo’lgan. Lekin rus qo’shinlari yo’lda Turkistondan qo’shimcha kuchning kelib qo’shilishi natijasida Chernyayev boshchiligida Chimkentga qayta hujum qildilar. Bu joyning qalasining tashqarisida joylashgan “Janan” qabristonini bir tomonida qattiq jang bo’lib Qo’qon qo’shinlari g’alaba qozondi. Rus qo’shinlari esa Turkistonga qaytib ketdilar.

Shundan keyin Alimqul Avliyoota mudofaasii uddalay olmagan va uni rus qo’shinlariga berib qo’yib, Chimkentga qochib kelgan hokim Niyozali ponsadboshining oyoq-qo’llarini bog’lab to’p og’ziga qo’yib ottirdi. Xuddi shu xilda Duglat qabilasining boshliqlaridan biri rus qo’shinlariga josus sifatida xizmat qilgan Boyzoqboy nomli kishi ham jazolandi. Lashkarboshi Alimqul Chimkent mudofaasini mustahkamlash va Chor hukumatiga qarshi urushni davom ettirish tadbirlarini ko’rayotganda Buxoro xonining Qo’qonga qarshi otalanganligi haqida xabar oldi. Shu munosabat bilan Alimqul Chimkentda qo’shinining bir qismini qoldirib Qo’qonga jo’nadi. Bu holat Chimkentda rus askarlariga qarshi harakatga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Buni yaxshi anglagan Chernyayev otryadi polkovnik Lerx boshchiligida qo’shin bilan birgalikda Chimkentga hujum qilib, 1864 yilning 21 sentyabrida uni egalladi. Bu yerda rus qo’shinlari tomonidan ko’p odamlar o’ldirildi. Qo’qon qo’shinlarining bir qismi Toshkentga qochib ketdi. General Chernyayev Rossiya tarafdorlaridan biri Siddiq Nazarni Chimkentning mingboshisi qilib tayinladi.