BAKIROVA OYBARCHIN ABBOSOVNA

BAKIROVA OYBARCHIN ABBOSOVNA (1950.27.6, Andijon) — O’zbekiston Respublikasi xalq artisti (2000). Abbos Bakirov va Qamara Burnashevalarning qizi. Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1971). 1971— 72 yillar Kattaqo’rg’on drama teatrida ishlagan. 1973 yildan “O’zbekfilm” kinostudiyasining aktrisasi. Kinodagi eng yaxshi rollari: Surayyo (“Orzular og’ushida…”), Vrach Valiyeva (“Kasalxona”), Sarviniso (“Vodillik kelin”), Xolida (“Marhumga hurmat”), Gulsara (“Ertangi kunga intilish”), Sharofat (“Amirning xufiyona sayohati”), Zaynab xola (“Alif Laylo”), Boyxotin (“Armon”) va boshqalar. Shuningdek, telefilmlar (“Gulobod va Feruz”, “Yo’l bo’lsin”, “Nozigim”, hamda videofilmlar (“ayol zoti”, “Fazliy”) da ham rollar ijro etgan. Bakirova o’z qahramonlarining milliy xarakteri, taqdirini, ularning ma’naviy go’zalliklarini, ruhiy ulug’vorligini, qayg’u-alamlari, sevgi va vafosini, nozik his-tuyg’ularini tomoshabinga yetkazishda o’ziga xos ijro uslubi bilan ajralib turadi.