Baxtli bo’lish sirlari

1. Bir-biringizga yordam bering. Yurakdan, chin qalbdan suhbatlashing. Tillar emas, nigohlar, qalblar gapirsin.

2. Hech qachon er-xotin birdaniga qizishmasin: er qizishsa, xotin sabr qilsin, xotin qizishsa, er. Tortishuv asnosida “U baqiryapti-ku!” deb siz ham ovozingizni ko’tarmang! Shovqin solish bilan hech narsa hal bo’lib qolmaydi.

Naqadar haq bo’lsangiz ham, jahlingiz chiqib turganida turmush o’rtog’ingiz bilan gaplashmang. Chunki jahl chiqqanda aql ketadi, inson oxirini o’ylamay biron nojo’ya ish qilib qo’yishi mumkin.

Agar turmush o’rtog’ingiz g’azablangan holda ovozini ko’tarsa, siz jim turishni o’rganing. G’azab otiga minsa, siz pastroq keling. Ko’tarilgan ovozga siz ham bor ovozingiz bilan javob qaytarsangiz, olovga moy sepgan bo’lasiz.

3. Hech kim farishta emas. Shunday ekan, inson o’ylasin: “Men ham bandaman. Hamma qatori yaxshi tomonim ham, nuqson-kamchiliklarim ham bor.

Turmush o’rtog’im ham menga o’xshagan odam. Uniyam kamchiliklari bor”.

Turmush o’rtog’ini mukammal ko’rishni istaganlar har xil xayolga beriladilar. Inson, avvalo, o’zining xatolarini tuzatishga harakat qilishi kerak. Shundagina turmush o’rtog’ining kamchiliklarini to’g’ri tushunib, uni isloh qilishga erishadi.

Inson xatoni o’zidan qidirsa, o’zini tuzatishga harakat qiladi. O’zini tuzatgach, balki turmush o’rtog’i ham bundan ta’sirlanib vaziyatni yaxshi tomonga o’zgartirar.

4. G’azabingizni ichingizga yuting. Huda-behudaga jig’ibiyron bo’laverish, nafsiga erk berish, og’zibo’shlik qilish baxtli oila halovatini buzadi. “Taloqsan”, degan yoqimsiz so’z ham ko’p hollarda g’azab otiga mingan er tomonidan aytiladi. O’z-o’zidan bu narsa oila tinchligiga rahna soladi.

Unutmang: taqdirga imon keltirgan odam uzoq yashaydi. Qismatiga e’tiroz bildirgan kimsa esa boshini devorga uradi.

5. Manmanlikdan yiroq bo’ling. Xato qilib qo’ysangiz, turmush o’rtog’ingizdan kechirim so’rang. Bir-birini tushungan, kamchiliklarini avf etgan oilada baxt-saodat, huzur-halovat bo’ladi.

Ba’zilar, “Turmush o’rtog’imdan, farzandlarimdan uzr so’rasam, ularning oldida obro’yim tushib ketadi”, deb o’ylaydi. Bu fikr noto’g’ri. Aksincha, er-xotin ham, bolalari ham xatosini tan olib, uzr so’ragan ota-onani ko’proq yaxshi ko’radi.

6. Er-xotinning ko’zi, ko’ngli doim bir-birida bo’lsin. Zero, sevgi g’unchasi sug’orishga ehtiyoj sezadi. Sevgi hayotimiz lazzatidir. Shunday ekan, sof sevgiga erishish uchun uni asrash kerak. E’tiborsiz sevgi vaqt o’tishi bilan eskiradi, tugaydi. Siz qo’lingizdagi gullardan ko’ra qalbingizdagi sevgiga e’tibor bering. Turmush o’rtog’ingizni sevishingizni, ardoqlashingizni unga ayting. Til bilan aytmasangiz ham xatti-harakatingiz unga bo’lgan muhabbatingiz kuchli ekanini ko’rsatib tursin.

7. Er-xotin sevgida samimiy bo’lsalar, ko’zlari boshqalarga havas bilan boqmaydi. Haqiqiy sevganning qalbi boshqa bog’dan olma tergisi kelmaydi, o’z jufti haloli ila qoniqadi, harom-xarish yo’llarga yurmaydi. Baxtga erishishda buning o’rni juda katta.

8. “Qattiqqo’l erkak” bo’lish uchun xotiningizga, bolalaringizga zulm qilib qo’ymang. Har narsa me’yorida bo’lsin. “Meni ko’rganda tizzalari qaltirasa, soyamga salom berishsa, shunda hammasi yaxshi bo’ladi”, deb o’ylagan erkak qattiq yanglishadi. Hammaga birdek adolatli bo’ling. Ular sizdan qo’rqishmasin, balki hurmat qilishsin. Hurmat qilganlari uchun gapingizni ikki qilishmasin. Zero, hurmatga qo’q-po’pisa bilan emas, hurmatga loyiq bo’lish bilan erishiladi.

9. Oila sirini, turmush o’rtog’ingiz ayb-kamchiliklarini ko’cha-ko’yda gapirib yurmang. Ayniqsa, to’shak sirlarini gapirishdan juda ehtiyot bo’ling. Chunki, ozg’ibo’shlik oqibatida oilalar parokanda bo’ladi. Haqiqiy erkak ayolini o’zgalar xurujidan ko’z qorachig’idek saqlaydi, o’zi bilan bir tan-bir jon insonning xatolarini elga doston qilmaydi.

10. Umr yo’ldoshingizni boshqalar bilan taqqoslamang. Hech kim o’zini boshqalar bilan taqqoslanishini yoqtirmaydi. Bunday ishlar yurakni siqadi, orani buzadi, hatto urush-janjal keltirib chiqarishi mumkin.

11. Turmush o’rtog’ingizning yaqinlariga mehr-muruvvat ko’rsating, hurmatlarini joyiga qo’ying. Ayniqsa, qaynota-qaynonangizni ardoqlang. Siz ularni yaxshi ko’rsangiz, ular ham sizni farzandidek ko’radi. Bu, oila totuvligining ajralmas qismidir.

12. Turmush o’rtog’ingiz holatini ham hisobga oling Hamma narsani o’z qarichingiz bilan o’lchamang O’zingizni turmush o’rtog’ingiz o’rniga qo’yib ko’ring. Shunda uni yaxshiroq tushunasiz.

13. Zinhor yolg’on gapira ko’rmang. Yolg’onning umri – qisqa. Yolg’onning oxiri voy bo’ladi. Er-xotin bir-birini aldagan, bir-biridan sir saqlagan joyda ishonchsizlik paydo bo’ladi. Ishonchsizlik bor yerda sevgi rishtalari mo’rtlashadi, huzur-halovat yo’qoladi.

14. So’zingiz doim rost bo’lsin. Ammo har qanday rost so’zni ham aytaverish to’g’ri emas. Ba’zan kichikroq xatolarni ko’rmaganga olish yaxshiroq. Inson xatosini o’zi bilib tuzatsa, unga ortiqcha gapning keragi bo’lmaydi.

Qolaversa, haqiqatni muloyimlik bilan aytilsa, ijobiy qabul qilinadi. Vajohat bilan qoshlarni chimirib gapirish ma’qul emas. Bu, teskari natija berishi mumkin.

15. Jufti halolingizga muhabbatingizni izhor qiling. Biroq bu, sahardan shomgacha to’tiqushday bir so’zni takrorlayverish emas. Sevgi ba’zan mehrli nigoh, ba’zan ta’sirli so’z (jumladan, mehribonlik qilish, chin ko’ngildan bir tabassum yoki hol-ahvol so’rash) bilan ifodalanadi.

16. Baxtli bo’laman, degan er-xotin moddiy jihatdan o’zidan pastdagilarga qaraydi. Shunda o’zining saviyasidan qoniqib, holiga shukr qiladi. Boylarga havas qilib, shohona hayot ilinjida bo’lganlar huzur-halovatini, oromini yo’qotadi, yuragi bezovta, xayoli parishon bo’ladi. Chunki, hasad (ichiqoralik, ko’rolmaslik) noshukrlikdan kelib chiqadi.