Baykal ko’li nimasi bilan mashhur?

Baykal deyarli Osiyoning markazida, Moskva va Voronej, London va Edinburg kengliklari o’rtalig’ida joylashgan. Agar yer yuzida ilk yaratilgan quyi saqlanib qolgan joylar bo’lsa, bu, avvalo, Baykal ko’lidir. Baykal yer sharidagi ko’llar ichida marvarid donasiday ajralib turadi. U geologik jihatdan ko’hnaligi, ajoyib hayvonot va o’simliklar dunyosi, ulkan o’lchamlari, o’ta tiniq suvi va go’zal iqlimi bilan mashhurdir. Dunyodagi uch milliondan oshiq ko’llar ichida eng kattalaridan biri Baykaldir. Uning uzunligi 636 km. Uning hududida Gollandiya, Belgiya yoki Shveytsariya bemalol joylashishi mumkin. Baykal — dunyodagi eng chuqur ko’l. Uning eng teran joyi 1 637 metrdir. Baykal havzasida yer sharidagi jami chuchuk suvlarning beshdan bir qismi joylashgan. Baykalga Baltika dengizining suvi va Azov dengizidan yuztasi sig’adi. Baykal — dunyodagi eng ko’hna ko’llardan biri. Uning havzasi shakllanishi 30 mln yildan beri davom etmoqda. Nega davom etmoqda? Chunki ko’l mintaqasida joylashgan seysmik stantsiyalar har yili ikki mingga yaqin zilzilani qayd etishadi. Ulardan ayrimlari o’ta kuchli bo’ladi. Masalan, 1959 yili yer qimirlashi natijasida Baykalning tubi 15 metr pasaydi. 1862 yili Selenga daryosi deltasydagi 200 kv.km. sohilbo’yi yerlari suv ostiga cho’kib ketdi. Ko’lda o’simliklarning 850, hayvonlarning esa 1400 turi mavjud. U yerdagi o’simliklarning 133, hayvonlarning esa 848 turi dunyoning boshqa joylarida uchramaydi. Ba’zi tirik organizmlar dunyoning boshqa hech bir ko’lida yo’q. Baykal ko’hna mavjudotlarning tabiat muzeyi deb atalishi ham bejiz emas. Bu yerga tub hayvonlar — endemikalar kelganiga besh million yildan oshgan. U yerdagi Omul va nerpani hamma eshitgan bo’lsa kerak, ammo tirik tug’adigan golomyanka balig’ini hamma ham bilavermaydi. Uning yog’i tarkibida foydali darmondorilar bor va bu darmondorilar azaldan tibbiyotda ishlatilib keladi. Ko’lda yashovchi jonivorlardan biri epishura qishichbaqasidir. Har bir kvadrat metr suv ostida, taxminan, 30 milliondan oshih bunday qishichbaqa bor. Epishuralar Baykal suvining tozaligi uchun “mas’ul”dir. Suvning shaffofligi 40 metrni tashkil etishi ham uning “mehnatlari” samarasidir. Masalan, suvning shaffofligini o’lchaydigan Sekki gardishi Kaspiy dengizida 25 metr, Sevan ko’lida esa 20 metr chuqurlikda ko’rinadi. Shaffoflikda Baykalga mashhur Alp ko’llari ham teng kela olmaydi. Baykal ustida ko’pincha havo ochiq bo’ladi. Uning ustidagi quyoshli kunlar qora dengiz kurortlaridagiga, hatto Nissadagiga nisbatan ham ko’proqhdir. Baykaldagi ochiq kunlar 2 583 soatga yetadi. Endi ko’l ustidagi musaffo osmonni bir tasavvur qilib ko’ring. Baykal o’z sohillaridagi iqlimni yumshatadi. Nisbatan uzoqroq mintaqalardagiga qaraganda, qishda bu yerning ob-havosi 5-7 daraja iliq, yozda esa salqin bo’ladi. Baykal suvining ta’mi juda mazali. Buning sababi suv tozaligi bilan bir qatorda tarkibida minerallar ham kam. Ko’lning toza va chuchuk suvi haqiqiy tabiat xazinasidir. Ammo xazinalar tadqiqotchilar bilan bir qatorda har xil avantyurist va yengil boylik orttirish ishtiyoqmandlarini ham o’ziga jalb etadi. 60-70-yillarda Baykal Omul (lososlar turkumiga mansub baliq) tutuvchi brakonerlar — o’g’rincha ovchilarning makoniga aylanib qoldi. Asrning boshlarida esa mashhur Baykal suvsari qirilib ketayozgan edi. Uning sohiliga tsellyuloza kombinati qurilganini vahshiylikdan boshqa narsa deb bo’lmaydi. Albatta, Baykal kuchli va qudratli ko’l, ammo shu bilan birgalikda himoyasiz hamdir. Inson Baykal boyliklarini endigina o’rgana va o’zlashtira boshlagan kezlar uning suvini bulg’ash qat’iy taqiqlangan edi. Atrofdagi o’simliklarni payhon qilmaslik uchun faqat so’qmohlardan yurishga ruxsat etilar edi. Balki ushbu tartiblarni qaytadan joriy etish kerakdir? Baykal o’z bag’riga Rossiyadagi chuchuk suvlarning 80% ini, sayyoradagi chuchuk suvlarning esa beshdan bir qismini sig’diradi.