Dunyoda olmaning qancha navi bor?

Dunyoda olmaning navlari nihoyatda ko’p. Ular orasidan eng nozik didli kishilar ta’biga to’g’ri keladiganlari ham topiladi. Birgina Angliyada uning ikki mingdan oshiq navi mavjud. Olma odam ilk marta madaniylashtirgan daraxtlar sirasiga kiradi. Uning vatani Janubi-Sharqiy Yevropa va G’arbiy Osiyo bo’lsa ajabmas. Harqalay, bu daraxtning turli navlari ikki ming yil muqaddam o’stirila boshlangani ma’lum. Qadimgi Rim aholisi bu mevaning kamida yetti xilini dasturxonga tortishgan. Bugungi kunda olmaning bu qadar turli-tuman navlari qayoqdan paydo bo’lgan? Bog’bonlar hamisha ilgarigilariga nisbatan yangi, mazali, hosildor va sovuqqa chidamli navlar olishga intilib, olmalar ustida turli tajribalar o’tkazib kelishgan. Yangi navlar olishning eng ko’p tarqalgan usuli quyidagidir: bir daraxtdan kesib olingan kurtak yoki novda boshqa bir olma daraxtiga payvand qilinadi. Bu holda payvand o’rnida o’sib chiqqan shoxning xossasi “ota-ona” daraxtlarning afzalliklari va kamchiliklaridan iborat bo’ladi. Yana bir usul “chaparasta changlanish” deb ataladi. Buning ma’nisi shuki, bir navdagi olma gullari boshqa daraxtlardan olingan otalik bilan changlanadi.