Inson qadim zamonlardan beri sabzavotlar yetishtiradimi?

Sabzavotlar o’t o’simliklardir, ya’ni ularning poyasi yumshoq, tarkibida qisman yog’och bor yoki umuman yo’q. O’simliklarning ildizi (lavlagi), poyasi (sarsabil), barglari (shovil), gul g’unchasi (brokkoli karami), mevasi (pomidor) yoki urug’i (no’xat) iste’mol qilinadi. Ibtidoiy kishi yovvoyi qo’zoqli o’simliklardan loviya yoki no’xat, ildizlilaridan sabzi kabilarni iste’mol qilish uchun tergan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Karam yoki salat singari to’p bargli sabzavotlar ilk oddiy polizlarda o’stirilgan bo’lishi mumkin, ammo bunday polizlarga qachondan boshlab ishlov berila boshlaganini hech kim aytib bera olmaydi. Qadimgi misrliklar salat, karam, qovun, loviya, rediska, piyoz, artishok bilan bir qatorda no’xat ham yetishtirgan bo’lishi mumkin. Demak, odamlar bundan ming yillar burun turli — tuman sabzavotlarni iste’mol qila boshlagan. Keyinchalik yunonlar va rimliklar ham bunday o’simliklarni yetishtirishni yo’lga qo’ygan. Unga qo’shimcha ravishda bodring, sarsabil va selderey ham o’stirishgan. Tadqiqotchilar Amerikaga kelishganida, Yevropada ma’lum bo’lmagan sabzavotlarga duch kelishgan edi. Hatto hammaga otning qashqasiday ma’lum loviya ham yangi dunyoda butunlay boshqacha ko’rinishda edi. U yerga borib o’troqlashgan kishilar tukli loviya, kartoshka, makkajo’xori va pomidorga duch kelishdi. Bunday sabzavot turlarining aksariyatini iste’mol qilish faqat XIX asrning oxiriga kelib oddiy narsaga aylandi? XIX asrda qishloq xo’jaligining barcha sohalarida inqilob yuz berdi. Dehqonlar xo’jalik yuritish usullarini takomillashtirish hamda yangi ekish mavsumi uchun eng yaxshi o’simliklarning urug’ini yig’ish yo’li bilan hosildorlikni oshirishga erisha boshladi. Shunday qilib, sabzavotlar ilgariga nisbatan kattaroq, totliroq va to’yimliroq bo’la bordi.