Kaptarlarning qanday turlari bor?

Kaptarlar tropik va mo’tadil iqlimli barcha mintaqalarda yashaydi. Ularning 300 dan ziyod turi mavjud, ammo ularning bir nechtasi Buyuk Britaniyada yashaydi. Ularning eng g’aroyiblaridan biri xabarkash kaptardir. Agar u o’z ixtiyoriga qo’yib yuborilsa, uning instinktlari, albatta, tug’ilgan go’shasiga yetaklab keladi. Bu fazilati undan turli xabarlarni yetkazishda foydalanish imkonini beradi, odamlar esa uning bu xizmatidan foydalanayotganiga ko’p yillar bo’ldi. Ayrim Rim imperatorlari jang maydonidagi o’z qo’shinlari bilan aloqa bog’lab turish uchun xabarkash kaptarlardan foydalanganidan xabaringiz bormi? XIX asrda Bag’dod sultoni kaptarlar yordamida muntazam pochta aloqasini yo’lga qo’ygan! Hozirgi vaqtda ulardan keng foydalanilmoqda, ulardan ikkinchi jahon urushi davrida ham xabar jo’natishda foydalanilgan. Amerikaliklar kaptarlarning passajir kaptarlar degan bir turidan qiziqarli va qayg’uli tajribaga egalar. Qachonlardir bu qushni butun Shimoliy Amerikada uchratish mumkin bo’lgan. Mustamlaka davrlarida benihoya ko’p bo’lganidan passajir kaptarlar qo’ngan daraxtlar shoxlari og’irligini ko’tarolmay egilib qolgan. Bitta daraxtning o’zida mana shu kaptarlarning 100 ga yaqin uyasini sanash mumkin bo’lgan. Kaptarlar galasi ko’tarilgan payti osmon qorayib, quyun ko’tarilgandagi kabi tovush chiqargan. Juda ko’p miqdorda uchraydigan qushlarning yo’q bo’lib ketishiga aql bovar qilmaydi, ammo, afsuski shunday hol ro’y bergan. Qushlarni otishgan, tayoqlab o’ldirishgan, to’rlar bilan tutishgan va bozorlarga chiqarib sotishgan. Uch asr oralig’ida to’xtovsiz ov oqibatida ular tobora kamayib bordi. Bu qushning eng so’nggi vakili 1914 yili Ogayo shtatining Tsintsinnatisida tutqunlikda jon uzdi. Passajir kaptarlarning uzunligi 40 santimetr kelgan, patlari kulrang bo’lgan. Uzunligi bir fut keladigan yig’loqi kaptar o’zining mungli ovozi bilan ajralib turadi va zohiran qirilib ketgan passajir kaptarga o’xshaydi, natijada ularni tez-tez adashtirishadi. Aytgancha, kaptarlar unchalik ko’ngilchan qushlardan emas. Ular juftlashish davrida bir-birlari bilan g’azabini tiya olmay, juda qattiq urushadi.