Kometa nima?

Bir vaqtlar odamlar paydo bo’lgan kometalarni ko’rib dahshatga tushishgan. Ular kometani shayton alomati, vabo, urushlar va o’lim nishonasi deb bilishgan.

Bugungi kunga kelib, kometalar nima ekanini bilsak-da, ular haqidagi ko’p narsalar hali bizga ma’lum emas. Kometaga ilk bor ko’zimiz tushganda, garchi diametri bir necha ming kilometrni tashkil etsa ham, uning kichik bir shu’lali jism ekanini kuzatamiz. Kometaning markazidagi kichik, yarqiroq yorug’lik nuqtasini ham ko’rish mumkin. Ushbu yorug’lik nuqtasi kometaning yadrosi deb ataladi. Munajjimlarning fikricha, yadro muz va chang zarralari aralashmasidir. Bu aralashmadan diametri 0,5 dan 20 kilometrgacha bo’lgan shar hosil bo’ladi.

Quyoshga yaqinlashishi bilan kometaning dumi paydo bo’ladi. Dum juda siyrak gaz va o’ta mayda zarralardan iborat bo’lib, ular kometa yadrosidan Quyosh ta’siri ostida ajralib chiqadi. Kometa yadrosini uning “po’stloq” deb atalmish uchinchi qismi o’rab turadi. U qattiq moddadan iborat yolqinlanib turuvchi bulutdir.

Kometalar dumi turli shakl va o’lchamga ega. Ba’zilari — qisqa va keng, boshqalari esa uzun va ingichka. Ba’zi kometalarning esa, umuman, dumi yo’q. Kometa Quyoshga yaqinlashayotganda undan dum o’nib chiqadi va harakati ham tezlashadi. Bu vaqtda kometa boshi oldinda quyi harakat qiladi. So’ngra qiziq bir vaziyat yuz beradi. Kometa quyoshdan uzoqlashgani sari dumi uning oldiga o’tadi. Buning sababi shundaki, Quyosh nurlari kometa yadrosidan materiyaning mayda zarralarini yulib oladi va uning Quyoshga teskari bo’lgan yo’nalishda dumi paydo bo’lishiga olib keladi.

Shuning uchun kometa Quyoshdan uzoqlashayotganda dumi oldinda quyi harakatlana boshlaydi. Bu vaqtda kometaning tezligi pasayadi va asta-sekin ko’zimizga ko’rinmay qoladi. Kometalar uzoq yillar yo’q bo’lib ketishi ham mumkin, ammo aksariyati vaqt o’tishi bilan qaytib keladi. Ular Quyosh atrofida aylanadi. Ayrimlarining Quyosh atrofida bir marta to’la aylanib chiqishi uchun juda ko’p vaqt talab etiladi. Masalan, Galley kometasi Quyosh atrofida 76 yilda bir marta to’la aylanib chiqadi. Galley kometasi ilk marta xitoylik bir rassom chizgan suratda meloddan avvalgi 168 yilda o’z aksini topgan. 1682 yilda Britaniya qiroli munajjimi Edmund Galley bu kometaning harakatini kuzatish jarayonida olib borgan o’z yozuvlarini sinchiklab tekshirib chiqqandan so’ng, aynan shu kometa har 76 yilda erga yaqin kelib ketishini aniqladi. Bu kometani inglizlar 1066 yili Gastings yaqinidagi jang arafasida ko’rishgan. 1986 yili Galley kometasi to’g’risida ma’lumot to’plash uchun kosmik kema uchirildi. Kema kometaning shakli va o’lchamlarini ko’rsatuvchi 2000 ta suratni yerga yubordi. Aniqlanishicha, kometa olimlar taxmin qilganidan ikki marta katta ekan. Uning uzunligi 16 km.dan oshiq, eni esa 10 km atrofida.

Munajjimlar bugungi kungacha 1000 ga yaqin kometani ro’yxatga olishgan, ammo bizning Quyosh sistemamizda ko’zga ko’rinmaydigan kometalarning soni bir necha yuz mingdan oshiq bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Har bir asrda kometalar Quyosh yaqinidan shu darajada ko’p o’tadiki, ularning yorqin va porloq “dumi”ni yerdan ham ko’rish mumkin bo’ladi. Kometani faqat Quyoshning yonidan o’tayotganda kuzatish mumkin. So’ngra Quyosh kometa yadrosidagi muzni bug’lantirib yuboradi. Quyoshdan chiqayotgan radiatsiya gazlar orqali o’tib, ularni ionlaydi va bu gazlar nurlanishiga sabab bo’ladi.