Kondensatsiya nima?

Kondensatsiya bug’lanishga teskari bo’lgan jarayondir. Bug’lanish jarayonida suyuqlik gaz yoki bug’ga aylansa, kondensatsiya jarayonida gaz yoki bug’ suyuq yoki qattiq holatga o’tadi.

Gaz yoki bug’ning hajmi qisqarganda yoki soviganda kondensatsiya sodir bo’ladi.

Kondensatsiya jarayonida qiziq narsalar yuz beradi. Birinchidan, gaz holatidan suyuq holatga o’tish, modda miqdori o’zgarmagan holda hajmning kichrayishiga olib keladi. Ikkinchidan, atrof-muhitga issiqlik kondensatsiyasi deb ataladigan issiqlik energiyasi ajralib chiqadi. Masalan, har bir gramm suv bug’i kondensatsiyalanganda, 540 kaloriya ajralib chiqadi.

Bizni o’rab turgan dunyoda kechayotgan bir qancha jarayonlarda kondensasiyaning alohida o’rni bor.

Daryo, ko’l, dengiz va okeanlar yuzasidan bug’langan suvning atmosferada sovishi natijasida bulutlar hosil bo’ladi. Nam, rutubatli havo sovuq yuzaga tekkanida o’t-o’lanlar va yaproqlarda shudring hosil bo’ladi.

Kondensatsiya sizning ko’z o’ngingizda ham sodir bo’lishi mumkin. Agar yozning jazirama kunlaridan birida muzday sovuq suv to’la stakanni tashqariga olib chiqsangiz, u “terlaydi”. Buning sababi shuki, havodagi suv bug’lari sovuq oynaga tegishi natijasida kondensatsiyalanadi. Ba’zida moddalar bevosita gazsimon holatdan qattiq holatga ham o’tishi mumkin. Bu bug’ kondensasiyalanayotgan atrof-muhit yoki yuza temperaturasi moddaning muzlash temperaturasidan past bo’lgan holda sodir bo’ladi. Sovuq kunda ko’chada sayr qilib yurgan kishilarning soqol-mo’ylovida qirov yoki sumalak paydo bo’lishining sababi ham aynan shu hodisa bilan bog’liq. Odamning og’zi yoki burnidan chiqayotgan suv bug’i kondensatsiyalanib, muzga aylanadi.