Meva va sabzavotlar o’rtasida qanday farq bor?

“Meva” so’zi o’simlikning guldan rivojlanadigan va urug’i bor etli qismidir. Sabzavotlar esa o’t o’simliklardir. O’t o’simlikning yumshoq poyasi va mayda yoki yog’ochga xos bo’lmagan hujayrasi bo’ladi. Botaniklar o’simlikning tarkibida urug’ bo’lgan qismini meva deb ataydi. Ular mevalarni uch sinfga bo’lishadi: apelsin, qovun, reza mevalar va olma singari urug’i bor etli mevalar; olcha, olxo’ri, shaftoli kabi danakli mevalar; yong’oq, loviya, no’xat va don-dun singari quruq mevalar. Agar botaniklarning (tarkibida urug’i bo’lgani uchun) loviya va no’xatni meva deb atayotgani sizni ajablantirayotgan bo’lsa, bodring va qovoqchalarni ham mevalar qatoriga qo’shishi hayrat barmog’ingizni tishlatishi hech gap emas. Bu biz ilmning ushbu sohasiga qanchalik jiddiy munosabatda bo’lishimizga bog’liq. Shu bilan birgalikda dunyoning turli chekkalarida turfa xil an’analar qaror topgan: o’simlikning ayni bir yeyishli qismi bir joyda meva, boshqa bir joyda esa sabzavot deb ataladi. Hayvonlar singari o’simliklar ham oilalarga bo’linadi. Siz, masalan, karam, sholg’om, rediska, sarsabil karami aynan bir oilaga mansub ekanini bilasizmi? Salat, sachratqi va artishok sabzavotlarning boshqa bir oilasiga taalluqli. Qovoqdoshlar oilasiga bodring, qovun va qovoqlar yiradi. Dukkaklilar oilasiga no’xat, dukkaklilarning barcha turlari, yeryong’oq va soya loviyasi kiradi. Sarsabil oddiy piyoz, sarimsoq, ko’k piyoz bilan qarindoshdir. Kartoshka, baqlajon, qalampir va tamaki ituzumgullilar oilasiga mansubdir. Meva va sabzavotlar bizni darmondori va minerallar bilan ta’min etishi va salomatligimizni mustahkamlashi bilan bir-biriga o’xshashdir.