Midiyalar nima?

Biror gal Atlantika okeani sohillarida, suvning pasayish payti sayr qilishingizga to’g’ri kelsa, ajoyib manzaraning guvohi bo’lishingiz mumkin. Sayoz joylarda minglab qora chig’anoqlar yotadi. Ularni midiyalar deyishadi. Midiyalar ko’p jihatdan qo’shtabaqali mollyuskalarga o’xshaydi. Ammo ularning ajralib turadigan bir xususiyati bor: ular har xil narsalarga, masalan, qoyalarga, boshqa chig’anoqlarga va qumlarga yopishib qoladi. Bu Midiyaning o’tkir uchida, “oyog’ida”gi bezlaridan ajralib chiqadigan va ip bog’lamiga o’xshash — “bissus” deb atalmish moslamasi yordamida bajariladi. Midiyalar qo’shtabaqali, ya’ni ikki tabaqali chig’anoqlardir. Biroq ustrisalardan farqli o’laroq, ularning tabaqalarni birlashtirib turadigan mushaklari yo’q. Midiyaning sirti ustritsalarnikiday g’adir budur emas, silliq. Chuchuk suvda yashovchi midiyalarning bissusi yo’q, shuning uchun ham ular qoyalarga yopisha olmaydi. Midiyalar pardevor bilan ikkiga — ustki va pastki qismlarga bo’lingan sifon — naylari orqali nafas oladi hamda ovqatlanadi. Suv sifonlar orqali o’tayotganda jabralar undan kislorod yutib qoladi, pirovardida midiya nafas oladi. Sifondagi kichkina “og’zi” yonidagi ovqatni tutadi. Urchish payti urg’ochi midiyalar millionlab uvilduruq qo’yadi. Kichkintoy midiyalar chiqib ketmagunga qadar ular bu qora uvilduruqlarni jabralari tagida olib yuradi. Ajralib chiqqan lichinkalar bir necha kun suza oladilar, ammo tez orada shakllanadigan chig’anoq anchagina og’irlashib qoladi va chuqurlikka cho’kadi. Midiyalarning minglab turi bor, biroq ikki asosiy turga — dengiz va chuchuk suvli midiyalarga bo’linadi. Dengiz midiyalarining uzunligi taxminan besh santimetrga yetadi, chuchuk suvdagilari esa ulardan katta bo’ladi. Midiyalar Yevropada sanoat ahamiyatiga ega. Ularning chig’anog’i ichki tomonidagi sadaf qoplamasi tugma tayyorlashda ishlatiladi. Chuchuk suvda yashovchi midiyalardan mukammal shaklga ega bo’lmagan dur olishadi.