Mo’g’ullar bosqinining boshlanishi

XII asrning oxiri – XIII asrning boshlarida uzoq Mo’g’uliyada ancha qudratli davlat va jangovar qo’shin tashkil topgan edi. Uning asoschisi Chingizxon hisoblanib asli oti Temuchin bo’lgan. U 1115 yilda tug’ilib, o’n yoshida otasi vafot etadi. Mirzo Ulug’bekning yozishicha u onadan tug’ilarkan, qo’lu mushti qonli edi. Zamon donolari: bu bola sohibqiron bo’lib tug’ilgan deyishdi. Yana shuki, mushtida bir kaft qotib qolgan qon bor edi. Bu shundan dalilki, vaqt o’tishi bilan zmon ahlini qatl etur; ko’plab podsholarni oyoq osti qiladi. Xudodan boshqa hamma uning qo’l ostida xor bo’ladi. Temuchin kuch-quvvatga to’lib, balog’atga yetgandan keyin atrofiga 43 jasoratli yigitlarni to’plab harbiy guruhni tuzadi. Bu vaqtlarda Mo’g’uliyada ko’chmanchi qabilalar o’zaro urushib o’lkada parokandalik hukm surmoqda edi. Temuchin tashkilotchiligi va harbiy mahorati tufayli qabilalarni o’z qo’l ostiga birlashtirishga erishadi. 1206 yilda unga Mo’g’uliyadagi yuqori tabaqalarning qatnashubida o’tkazilgan qurultoyda Chingizxon nomi berilib, mamlakatning xoqoni deb e’lon qilindi. Chingizxon shohlar shohi ma’nosini anglatadi. U va uning safdoshlari o’zlarining g’oyatda shavqatsizligi bilan ona yurtida ham nom chiqargan edilar. Ularning qilmishlarining jonli guvohi va vatandoshlaridan biri shunday degan: Chingizxonning atrofidagi kishilar odam go’shti berib boqilgan vat emir kishanga solib qo’yilgan itlardir. Ularning peshonalari misdan, tishlari qayrilgan, tillari bigiz singari o’tkir, yuraklari temirdan yasalgan. Bularda qamchi o’rniga qayrilgan qilich bor. Ular shudring ichadi, shamolda uchadi, janglarda odam go’shtini yeydi. Hozirda ular zanjirdan bo’shatib yuborilgan.

Darhaqiqat, Chingizxon boshliq mo’g’ul gazandalari odamlar qonini daryo kabi oqizib, 100 minglab kishilarni yostig’ini quritgan. Ular insoniy fazilatlardan mahrum etilgan vahshiy hayvonlar edi, xolos. Zero ular o’z maqsadlari yo’lida hech narsadan toymay ko’z ko’rmagan va quloq eshitmagan jazo usullarini qo’llaydilar. Bu xususda o’rta asr muallifi Ibn al-Asir shunday yozgan edi: “Tangri taolo odamni ato qilgandan boshlab to hozirgacha jahonda shu tariqa hodisa ro’y bermagan”, – desa, uning gapi haqdir.

Chindan ham solnomalarda bayon qilingan voqealarning eng dahshatlisi Navuxodonosorning isroilliklarni qirib yuborgani va Quddusi Sharifni vayron qilganidir. Bu, la’nati mo’g’ul lashkarlari yer bilan yakson qilgan mamlakatlarga qiyos qilganda Quddusi Sharif hech narsa bo’lmay qoladi, bu mamlakatlarda mo’g’ullar qirib tashlagan odamlar o’ldirilgan isroilliklarning sonidan ko’p marta ortiqdir. Ular har qaysi shaharda hamma isroilliklardna ham ko’proq kisshini qirib yubordilar. Odamzod oxiratgacha ya’juj va ma’jujdan bo’lgan bunday dahshatni aslo ko’rmasa kerak. Bular (mo’g’ullar) hech kimga rahm qilmaydilar, xotinlarni, erkaklarni, go’dak bolalarni o’ldiradilar, homilador xotinlarning qorinlarini chavaqlab, ona qornidagi bolalarni nobud qildilar. Shunday bir hodisa ro’y berdiki, uning uchqunlari (har tomonga) sochilib ketdi va balosi hammaning boshiga tushdi; u shamol quvgan bulutdk hammayoqni bosib o’tsi”. Ushbu satrlarda bayon etilgan dahshatli fojealar dastavval Turkiston zaminida sodir bo’lgan edi.

Chingizxon 1211 yilda Yettisuvning g’arbiy tomoniga bostirib kirib, uning bir qismini egalladi. 1215 yilda u Xitoyga hujum qilib Pekinni bosib oldi. Bu yerda u vahshiylarcha jang qilib o’ldirilgan odamlarning suyaklari tog’ singari uyilib yotdi. Mo’g’ullarning qonxo’rligi shu darajada dahshatli bo’lganki, ularning qo’liga tushmaslik uchun 60 ming qizlar o’zlarini halok etganlar. Chingizxonning Xitoydagi g’alabasi va qo’lga tushirgan katta boyliklari nomini tarqalishiga olib keldi. Bundan xabar topgan Sulton Muhammad Xorazmshoh haqiqiy ahvolni bilish maqsadida Mo’g’uliyaga, Chingizxon huzuriga Bahovuddin Roziy boshchiligiga elchilarni jo’natadi. U bilan katta savdo karvoni ham yo’lga chiqqan edi. Bu vaqtlarda Turkiston savdogarlari ip va ipak gazlamalar, kiyim-bosh va boshqa mollar bilan Mo’g’uliyada savdo bilan shug’ullanmoqda edilar. Chingizxon Xorazm elchilarini hurmat va izzat bilan qarshi olib Sulton Muhammad bilan tinchlik va do’stlik aloqalarini o’rnatish zarurligini bayon etgan. Chingizxon javob tariqasida xorazmlik Mahmud Yalavoch, buxorolik Alixo’ja va o’trorlik Yusuf Qanqg’a singari kishilardna iborat o’z elchilarini yuboradi. Ular savdo karvoni bilan yo’lga chiqib Xorazmga yetib keladilar. Elchilar Chingizxon tomonidan yuborilgan bir katta bo’lak oltin quymasi, qimmatli toshlar, tuya yungidan ishlangan nafis gazmollar va boshqa sovg’alarni Sulton Muhammadga topshirishadi. Bu yerda aytish lozimki, Chingizxon Mo’g’uliya bilan savdo qilayotgan xorazmlik, buxorolik va boshqa shaharlik savdogarlarning ayrimlarini o’z tarafiga og’dirib olgan edi. Ular Chingizxonga Xorazmshohlar davlati haqidagi ma’lumotlarni yetkazib turganlar. Bu xususda ayniqsa yuqorida qayd qilingan elchilarning boshlig’i Mahmud Yalavoch jonbozlik ko’rsatgan. U o’z vataniga xiyonat qilib, oshkora Chingizxonga sotilgan edi. Sulton Muhammad tunda Mahmud Yalavochni huzuriga chaqirtirib o’z vataniga xizmat qilishga da’vat etdi. Zero, unga Chingizxon dargohida ayg’oqchilik qilish topshirilganda, o’ldirilishdan qo’rqib rozilik bildirdi. Ammo u umrining oxirigacha Chingizxonga sodiqligicha qolaverdi. Sulton Muhammad uning quruq va’dasiga ishonib Chingizxon huzuriga qaytishiga ruxsat berdi. Hamda unga o’zining Chingizxon bilan tinch-totuvlikda aloqada bo’lish haqida yozma hujjatni topshiradi. Bu ahdnomaga ko’ra Chingizxon 1218 yilda Umarxo’ja O’trori Hammol Marachi Fahriddin Dizaki Buxoriy va Aminaddin Xaravi boshchiligida 450 kishi va 500 tuyalardan iborat karvonni O’trorgacha jo’natadi. Tuyalarga oltin, kumush, xitoy ipak gazlamasi va turli qimmatli mo’ynalar ortilgan edi. Karvon O’tror (hozirgi Turkiston shahri atrofi)ga kelganda fojea ro’y beradi. Bir manbada ko’rsatilishicha O’tror hokimi G’ayirxon karvondagi mollarni o’zlashtirish maqsadida savdogarlarni o’ldirtirgan. Boshqa manbada esa bu ish Sulton Muhammadning ko’rsatmasiga binoan amalga oshirilgan. Karvon fojeasi Chingizxonning g’azabi va nafratini qo’zitib Turkiston zaminiga harbiy yurish boshlashga katta bahona bo’lgan. Buni anglagan Sulton Muhammad saroyda kengash o’tkazgan qo’shinni bir joyga to’plab, dushmanga zarba berish haqida fikr bildirgan. Bunga qarshi o’laroq harbiy kuchlarni viloyatlarga taqsimlab bo’lingan holda jang qilish taklifi o’rtaga tashlangan. Mirzo Ulug’bekning asarida ko’rsatilishicha “Sulton Muhammad Xorazmshoh ixtiyorida sanoqsiz askar, ko’pgina lashkar bo’lgan. Muhosiblar uning soni 400 mingdan kam bo’lmaganini aytganlar. Ammo, mo’g’ul lashkari yurishidan keyin Qoracha Hojibni o’n ming kishi O’trorga G’ayironga madad uchun jo’natdi. Toki, u O’tror mudofaasi uchun tayinladi. 110 ming kishini Samarqandga qoldirdi. Shu jumlada, 60 mingi turklar edi. Ularning sardori Sulton ashrofu a’yonlaridan bo’lgan xonlar bo’lib, har biri o’z davri asfandiyorlaridan edi. 40 ming kishiga qal’alar va hisorlar qurishga farmon berdi”. Ammo bunday choralar o’zini oqlamadi. Chunki Sulton Muhammad imperiyaning hali u, hali bu joyida kezib yurib jang taqdirini har viloyatning hokimlarining o’ziga topshirish bilan chegaralandi. Mamlakat taqdiri qil ustida turgan bir paytda dushmanga qarshi kurashni boshqaradigan markaz tashkil etilmadi. Buning ustiga-ustak Sulton Mahmudning onasi Turkon xotunning siyosatga aralashuvi og’ir vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Davlat boshqaruvidagi parokandalik avjiga mindi. Ming afsuslar bo’lsinki, agar saroyda ahillik va birdamlik hukm surib, oqilona ish yuritilganda dushman kuchlarini g’olib kelishi hech mumkin emas edi. Chunki Chingizxon davlatining harbiy kuchlari va salohiyati Xorazmshohlar davlatiga solishtirganda ancha past edi.

Chingizxon Xorazmshohlar davlatining zaif tomonlarini hisobga olgan holda ustun kelishiga qattiq ishonib, dastavval O’trorni bosib olishni rejalashtirdi. 1220 yilning kech kuzida uning boshchiligidagi qo’shin u yerga bostirib kirganda vatan himoyachilarining qattiq qarshiligiga duch keldi. U bu yerdagi urushni cho’zilishini anglab, Chig’atoy va Ugatay singari o’g’illarini harbiy qism bilan O’trorda qoldirdi. Qo’shinning qolganini uch qismga taqsimlab, birinchisini O’tror atrofidagi Jand va Barchinlig’kentni, ikkinchisini Banokat bilan Xo’jandni bosib olish uchun jo’natdi. Uning o’zi o’g’li Tuluy bilan Buxoroga yo’l oldi. Mo’g’ullar O’trorni besh oy mobaynida qamalda ushlab turdi. Shu orada har ikki tomon o’rtasida qattiq janglar bo’lib o’tdi. Ammo lashkarlardan biri – Qoracha Xojib qo’l ostidagi 10 ming kishilik harbiy qism bilan shahar darvozasidan chiqib mo’g’ullarga taslim bo’lishi vatan himoyachilariga qattiq zarba bilan tushdi. Dushman kuchlari mana shu ochilgan darvozadan shaharga bostirib kiradilar. Bu yerda dahshatli janglardan so’ng shahar bosqinchilar tomonidan egallanadi. Bu to’g’risida Abulg’ozi yozadi: “Mo’g’ullar darvozai So’fiydan kirib O’trorning ichiga kirdilar va O’trorning jami xalqini sahroga chiqarib, shahid qildilar. Ul holda G’ayirxon yigirma ming kishi bilan arkka qamaldi. Har kunda chiqib urushar erdi. Yaxshi mardonaliklar qildi va mo’g’ul askarlaridan ko’p kishilarni o’ldirdi. O’zining qo’shinidagi kishilar tamom shahid bo’ldi. Mo’g’ullar Arkning qal’asini taki oldi. Ahirul amr G’ayirxon ikki kishi bilan qochib bir tomning ustiga chiqdi. Ul ikki navkari ham shahid bo’ldi. Axir urusha-urusha G’ayirxonning o’qi tugadi. Oqibat kanizlari devordan g’ishtlarni olib bera boshladilar. Ul g’ishtlarni otib urushdi”. Pirovardida G’ayirxon asirlikka olinib o’ldiriladi. Demak amir G’ayirxon boshchiligidagi vatan himoyachilari shu darajada qahramonona jang qildilarki, u besh oy davom etdi. Shuning uchun ham bosqinchilar shahar xalqini qirib tashladi. “O’trorning butun aholisini, – deydi Mirzo Ulug’lbek (mo’g’ullar) sahroga haydab chiqdilar va qatli om qildilar. G’ayirxon yigirma ming kishi bilan qal’aga kirib olishdi. Barchasi jonidan umid uzib, o’lim yuziga tik boqib, qariyu yosh o’limni zamirlari lavhiga chekib jang qildilar. Bu orada mo’g’ul lashkarining ko’pchiligi qal’aga kirib olishdi. Ot, yarog’, sipohi qolmaganidan uyi va tomidan bo’lak panohi qolmadi. Mo’g’ul sipohi ularni qo’lga oldi. Bu guldek noziklarni ot yoliga bosdilar. O’tror hisorni qo’lga kiritib, yer bilan barobar qildilar. Tirik qolganlardan, ra’iyat va hunarmandlarning ba’zilarini hibsga oldilar, ba’zilarini esa qul qilib haydadilar”. Binobarin o’trorliklar “bir tomchi” qonlari qolguncha mustaqillikni saqlash uchun jang qilgan edilar. Mo’g’ullarning qirg’in-barotidan keyin salohiyatli savdo-hunarmand shahri O’tror harobaga aylantirildi. Bu vaqtda mo’g’ullarning Jo’ji boshchiligidagi qo’shini Sirdaryoning quyi oqimidagi Sig’noq shahri yoniga kelib xoin savdogar Hasan xojini taslim bo’lishlikni so’rab elchi sifatida jo’natdi. Ammo shaharliklarning g’azabi va nafrati qo’zib elchini o’ldiradilar. Shundan keyin mo’g’ullar bilan vatan himoyachilari o’rtasida yetti kun davomida jang bo’lib pirovardida ular g’alabaga erishadilar. Shaharliklarning barcha qirib tashlanadi. Mo’g’ullar 1219-1220 yillarda O’zgand, Barchin, Lig’kent, Ashnosin va Jand shaharlarini egallab ko’p kishilarni o’ldiradilar, asirlikka oladilar. Banokat ham vahshiylarcha bosib olinadi. Bu yerda boyliklar talandi, odamlar o’ldirildi yoki asirlikka olindi.

Mo’g’ullar qo’lga kiritgan joylardagi aholini ma’lum qismini asirlikka olib, ularni turli ishlarda qul kabi mehnat qildirgan. Xususan asirlarni harbiy yurish vaqtida qalqon sifatida oldingi safga turg’izganlar. Shuningdek, ulardan qamal qilingan shaharlarga hujum qilishda foydalanganlar. Natijada janglar paytida birinchi o’qlar va zarbalar asirlarga tegardi. Bundan tashqari ular dushmanlarning otlarini oyog’i ostida ham qolib halok bo’lganlar. Asirlarni oldingi saflarda turg’izilishi vatan himoyachilarining hujumini da fetish maqsadida qilingan, albatta. Xuddi mana shunday usulni qo’llanishi mo’g’ullarning g’alabalarini ta’minlagan omillardan biri edi.