Musson nima?

“Musson” arabcha “mavsum” so’zidan olingan bo’lib, “yomg’irlar mavsumi” degan ma’noni anglatadi. U shamol yilning iliq paytlari dengizdan quruqlikka, sovuq paytlari esa quruqlikdan dengizga qarab esadigan iqlim zonalariga nisbatan ishlatiladi. Bunday mintaqalarda issiq mavsumlarda tinimsiz yomg’ir yog’adi, sovuq paytlar qurg’oqchilik hukm suradi.

Ob-havoning mavsumlarga qarab bunday o’zgarishiga nima sabab bo’ladi? Buning sababi quruqlikning dengiz suviga nisbatan tez isishi va sovishi bilan bog’liq. Masalan, Markaziy va Janubiy Osiyoga bahor dengizlarga nisbatan ertaroq keladi. Qit’aning havosi yozda janubdagi Hind va sharqdagi tinch okeanlarinikiga nisbatan issiqroq bo’ladi.

Issiq temperatura qit’a ustida past bosimli mintaqani hosil qiladi, okean kengliklaridagi yuqori bosimli havo massasi o’sha mintaqaga intiladi va o’zi bilan yog’ingarchiliklarni olib keladi. Ularni haydab keladigan shamol yozgi mussonlar deb ataladi. Kuzda Osiyo qit’asi ustidagi havo tezroq soviydi, bu esa uning ustida yuqori bosimli mintaqalarni vujudga keltiradi. Natijada shamol Markaziy Osiyoning qurg’oqchil mintaqalaridan suvliklar tomon esa boshlaydi. Bunday shamol qishki musson deb ataladi.

Markaziy va Janubiy Osiyo iqlimi qit’aning katta o’lchamlariga bog’liq ravishda musson ko’rinishiga ega. Ilgari odamlar elkanli kemalarda suzishgan paytlar qishki va yozgi mussonlardan unumli foydalanishgan. Shuning uchun ham dengizchilar, odatda, Hindistondan Afrikaga qarab qishda suzishgan, yozda esa orqaga qaytib kelishgan.