Mustaqillik – o’zbek xalqning azaliy orzu-intilishi

Mustaqillik azaldan insoniyatning orzu-umidlari, armon va iztiroblarini o’zida mujassam etgan. Darhaqiqat, inson tabiatning gultoji sifatida hamisha ozodlik va hurriyatga intilib yashaydi. U hamisha har jihatdan o’zini erkin his qilishga, tahlikasiz turmush kechirishga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun ham kishilik tarixi turli davrlarda Yer sharining barcha mintaqalarida ozodlik uchun kurashni, shaklan turlicha, mohiyatan o’xshash bo’lgan hurriyatga intilish hodisalarini ko’p ko’rgan.

XX asr intihosida dunyoning qarib uchdan bir qismida misli ko’rilmagan hodisalar sodir bo’ldi. Sotsializm deb atalgan totalitar tuzum, kommunistik mafkura deb atalmish zo’ravonlik va tazyiqqa asoslangan mafkura tanazzulga uchradi. Jahonga, Yer yuziga hokimi mutloqni da’vo etgan SSSR jamiyat sifatida ham, davlat sifatida ham jarga quladi. Uning tarkibiga kirgan ittifoqdosh respublikalar tom ma’nodagi mustaqil davlat maqomini oldilar.

Mustaqillikka erishish g’oyasi xalqimizga azaldan meros, shu maqsad xalqimizga ajdodlar orqai ming yilliklar qa’ridan bizgacha yetib kelmoqda.

Prezident I.Karimov “Buyuk kelajagimizni huquqiy kafolati” nomli risolasida “o’zbek millati azaldan o’z fikri-zikri o’z istiqloli uchun kurashib yashagan. Bunga moziy guvoh. Millatimiz tarixi haqidagi haqiqat, yurtimizning fidoiy, o’z yo’lidan, maslagidan, so’zidan qaytmaydigan farzandlariga ochilishi lozim. Bilishimiz shart bo’lgan tarix sahifalarini qunt bilan varaqlash hammamiz uchun ham, qaraz ham farz”, – deganda ana shu holatni nazarda tutadi. Xalqimizning uzoq tarixi u o’z o’tmishida ozodlik, istiqlol uchun tinimsiz kurash olib borganidan guvohlik beradi.

Turkiston o’zining keyingi bir yarim ming yillik tarixida bor-yo’g’i 376 yil hur mamlakat rutbasida bo’lgan (B.Ahmedov). Boshqa paytlar esa bosqinchilar zulmi ostida kun kechirgan. Shundan ham ko’rinib turibdiki, Turkiston tarixiy rivojlanishning hamma bosqichlarida turli shaklda bo’linishlarga, uning xalqi o’zgalar tomonidan tahqirlanishga, kamsitishlarga duchor bo’lgan. Xalqimizning grek, makedoniyaliklar zulmiga, arablar istilosiga, mo’g’ul-tatar bosqinchiligiga, va nihoyat Chorizm mustamlakachiligiga qarshi olib borgan milliy-ozodlik harakatlari tarix sahifalarida abadiy qolgan. Ayni chog’da yaqin tariximda, sovet hokimiyati yillarida O’zbekistonning markazga tobeligiga qarshi, aniqrog’i shu davrda O’zbekistonning milliy mustaqillikka erishishi uchun tarixiy vaziyatga qarab goh oshkora, goh pinhona, yashirin tarzda olib borgan kurashlarini qator manbalar orqali tobora chuqurroq bilib boryapmiz. Bir so’z bilan aytganda xalqimiz azal-azaldan o’z fikri-zikri bilan mustaqil, ozod, erkin yashash uchun tinimsiz intilgan?

Xo’sh, mustaqillikning o’zi nima? Istiqlol nimalarga asoslanadi va uning mazmun – mohiyati nimalardan iborat?

Eng avvalo shuni aytish kerakki, mustaqillik tenglik sari qo’yilgan birinchi qadam. Chunki, tenglik bo’lmagan joyda kimdir kimgadir tobe bo’ladi. Mutelik bor joyda hukmronlik, o’zgalar hisobiga yashash kabi illatlar paydo bo’ladi. Natijada biz so’nggi bir yarim asr mobaynida boshimizdan o’tkazgan mustamlakachilik dunyoga keladi. “Tenglik” so’zining qudrati shundaki, u odamlarning o’zaro munosabatlaridan tortib, mamlakatlararo munosabatlargacha hamma narsani me’yor-mezonga soladi, turli kamsitishlar yoki ortiqcha ta’zim-tavozega chek qo’yadi.

Istiqlol – o’zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir-birini tan olish, bir-birini qadrlash asosida mamlakat fuqarolari o’zaro munosabatida ham, jahon davlatlari o’rtasidagi aloqalarda ham ana shu umuminsoniy qadriyatlarga tayanish, ana shu umuminsoniy mezonlar asosida yashash demakdir.

Mustaqillik – jamiyatdan ajralmagan holda dunyo muammolari va o’z taqdiri bilan bog’liq bo’lgan istiqbol haqida o’ylashdir.

Istiqlol – erkin dunyoqarash, erkin tafakkurga suyanib yashash salohiyatidir.

Mustaqil yashashga, mustaqil fikrlashga, o’z taqdirini o’zi belgilashga, o’z hayotini o’zi izga solishga qodir odam ziddiyatlarni osonlik bilan yengadi, dunyoning shiddatli muammolar bo’roni qarshisida dovdirab qolmaydi. Ana shu oddiy hayotiy haqiqatni davlat mustaqilligiga ham qiyoslash mumkin.

Mustaqillik mustamlakachilikning har qanday shaklini, u taqozo etadigan to’siqlar va zo’ravonliklarni inkor etadi. Ayni paytda mustaqillik jahon taraqqiyotining ilg’or tajribalari asosida o’z ravnaqining o’ziga xos tamoyillarini ishlab chiqish bilan birga yagona zamin, yagona makon taqdirini belgilashda o’zaro hamkorlikning yangi, sifat jihatidan yuqori bo’lgan, umuminsoniy manfaatlarga mos keladigan andozasi asosida yashash demakdir. Agar u hamkorlik, o’zaro hamjihatlik, mamlakatlararo, davlatlararo va mintaqalararo siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni qaror toptirmasa o’z qobig’ida qolib ketishi, milliy mahdudlik doirasidan chiqolmasligi mumkin. Shuning uchun ham istiqlolning ana shu hayot tajribasidan o’tgan tamoyillari hamma vaqt dolzarb bo’lib qolaveradi. Chunki u doimiy ravishda rivojlanib, o’z-o’zini boyitib, takomillashtirib, ong va tafakkurni o’stirib boradigan voqelikdir.

Mustaqillik – tabiatan ongli yashash, ongli munosabatni qaror toptirish mezoni. Ayni paytda u harakatlarning, intilishlar va qobiliyatlarning kuchayishini taqozo etadigan hodisa. Bu ayniqsa sobiq ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan mustaqil mamlakatlar, xususan O’zbekiston hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Nima uchun?

Totalitar tuzum davrida davlat mamlakat boshqaruv tizimidan tortib alohida-alohida shaxslarning kundalik turmushiga va istiqboliga daxldor bo’lgan har qanday katta-kichik masalalarni hal etishni o’z zimmasiga olgani uchun mehnatkash xalq moddiy va fikriy boqimandalik kayfiyatiga duchor bo’lgan edi. U faqat ishlash huquqiga ega edi, xolos. Mehnat deb atalgan hissiz mashinaning murvatiga aylanib qolgan edi. Ertadan-kechgacha mehnat qilasan, mehnatingga yarasha ochdan o’lmaslikka yetadigan haqqingni olasan, tamom-vassalom. Bu – sobiq ittifoqda qonun kuchiga ega bo’lgan davlat siyosati edi. Odamzot shunchaki ishlar, shunchaki umr kechirardi, xolos. Tiriklik degan buyuk ne’matning, hayot degan oliy tushunchaning mag’zini chaqishga o’zida rag’bat ham, ehtiyoj ham sezmas edi. Binobarin, aql bilan ish tutish, voqelikni idrok qilish, bunyod etish, yaratish tuyg’ulari butunlay so’ndirilgan edi. Shuning uchun ham mamlakat taraqqiyoti sustlashib, odamlar turmush darajasi pasayib borardi.

Donishmandlar aytganidek, har qanday faollik tamoyillari harakatlar erkinligiga zamin yaratishi, unga suyanishi kerak. Aks holda boqimandalik illatlari surunkali kasallikka aylanadi. Demak, har qanday xatti-harakat, har qanday intilish o’z-o’zidan bunyodkorlik, yaratuvchilik ruhi bilan yo’grilgan bo’ishi darkor. Ana shunda erkinlik samarasiz, faoliyatsiz hodisaga aylanmaydi.

Sobiq ittifoqda hukm surgan qayta qurish siyosati uning tarkibiga kirgan ittifoqdosh respublikalarnin mustaqillikka chiqishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida qilingan makkorona harakat edi. Davlat to’ntarishia urinish, zo’ravonlik va tazyiq o’tkazish siyosatini chuqurlashtirishga intilish bu jarayonning yakuni bo’ldi. Mustaqillik imkoniyatlarini oldindan payqagan, mamlakat ijtimoiy siyosiy jarayonlarining borishini to’g’ri kuzatib, to’g’ri baholay bilgan O’zbekiston ittifoqdoshlari orasida birinchilardna bo’lib mustaqilligini e’lon qildi. 1991 yil 31 avgust kuni qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Bayonot O’zbekiston hukumatining siyosiy yo’lini to’la qonunlashtirib berdi. Bu tarixiy hujjatda quyidagi xulosalar ilgari surilgan edi:

  • “O’tmishdan saboq chiqarib va SSR Ittifoqining siyosiy hamda ijtimoiy hayotidagi o’zgarishlarni e’tiborga olib,
  • Xalqaro-huquriy hujjatlarda qayd etilgan o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga asoslanib,
  • O’zbekiston xalqlarining taqdiri uchun butun mas’uliyatni anglab,
  • Shaxs huquq va erkinliklarining, mustaqil davlatlar o’rtasidagi chegaralarning buzilmasligi to’g’risidagi Xelsinki shartnomalariga qat’iy sadoqatini bayon etib,
  • Millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy mansubligidan qat’iy nazar, respublika hududida yashovchi har bir kishining munosib hayot kechirishini, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlaydigan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga intilib.
  • Mustaqillik Deklaratsiyasini amalga oshira borib, O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi O’zbekistonning davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat – O’zbekiston Respublikasi tashkil etilganligi tantanali ravishda e’lon qiladi.

O’zbekiston Respublikasining o’z tarkibidagi Qoraqalpog’iston respublikasi bilan birga, hududi bo’linmas va daxlsizdir. O’zbekiston respublikasining boshqa davlatlarga hududiy da’volari bo’lmay, u o’z hududi va tabiiy boyliklariga nisbatan oliy huquqqa egadir”. O’zbekiston parlamentining bu bayonoti o’zining qonun kuchi bilangina emas, siyosiy mantig’i, ma’naviy qudrati, xalqaro huquq normalariga mos kelishi va eng muhimi millat taqdirini hal etadigan tarixiy qadriyat ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Bu hujjat SSSRning 73 yillik hayoti naqadar ayanchli va fojeali ekanligini ko’rsatadi.

Darhaqiqat, bu mamlakatda inson huquqlari har tomonlama poymol etilganigini, endu bu tuzumda ortiq yashab bo’lmasligini hayotning o’zi tasdiqlab turardi. Biroq, mamlakatlar aholisining aksariyat qismi va ayrim milliy respublikalar rahbariyati ongiga singib qolgan tobelik va mute’lik tuyg’ulari keskin harakat qilishga, o’z xalqi manfaatini mardona turib himoya qilishga yo’l qo’ymas edi. Ammo, o’sha paytda O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat – O’sh, Farg’ona, Qo’qon, Guliston, Parkent va Bo’kada yuz bergan mash’um voqealar, millatlararo nizolarning paydo bo’lgani, xalq hayotining tahlikali tus olgani ortiqcha kutib turishni taqozo etmas edi. Jarayonlarga o’z vaqtida yetarli baho berib, zarur xulosaga kelish kerak edi. Shuning uchun ham Farg’ona voqealari birmuncha izga tushgach, mamlakat aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, turmush sharoitini va farovonligini oshirish borasida amaliy choralar ko’rildi. Jumladan:

  • Aholini qo’shimcha tomorqalar bilan ta’minlash, yakka tartibda uy-joy qurishga keng imkon berish, shaxsiy yordamchi xo’jaliklarni rivojlantirish, chorvachilik va parrandachilikni taraqqiy toptirish;
  • Pensiyalar, talabalar va o’qituvchilarning maoshlarini oshirish, og’ir ijtimoiy ahvol natijasida kamqonlik kasaliga uchragan homilador ayollarga imtiyozli ovqatlanish, boshlang’ich sinf o’quvchilariga bepul oziq-ovqat ajratish va shunga o’xshagan bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning markaz bilan hisoblashmay hal etilishi mamlakat aholisiga qanchalik ma’qul kelsa, ittifoq rahbariyatida shunchalik norozilik tug’dirar edi.
  • O’zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishi qator xorijiy mamlakat bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo’l qo’yishi u o’z taraqqiyot yo’lini tanlab olganini ko’rsatar edi.

Bu borada shuni aytish kerakki, O’zbekistonda bu masalalarning hammasi mustaqil ravishda hal etila borildi, mavjud muammolarni yechishda ittifoq idoralaridan sezilarli ravishda oldin borildi. Bu xususda markazdagilarning birortasi ham O’zbeistonda amalga oshirilgan ishlarni olqishlab qabul qilmadi. Moskvadagi karomatgo’ylar aksincha, go’yo bu – O’zbekiston Prezidentining o’zboshimchaligi, bularning hammasi ittifoq ko’rsatmalariga muvofiq kelmaydi yoki ularga zid deb baho bera boshladi.

Shunday bo’lsada O’zbekiston hukumati SSSRda mavjud ijtimoiy-siyosiy jarayonlar borishini boshqalardan ko’ra tezroq anladi va munosib baholadi. Shuning uchun ham u qat’iy xulosaga keldi. 1991 yilning 31 avgustida “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risidagi qonun”ni qabul qildi va ana shu qonun doirasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining bundan keyin O’zbekiston SSRni O’zbekiston Respublikasi deb atash, 1 sentabrni Mustaqillik kuni deb e’lon qilish, O’zbekiston Konstitutsiyasiga o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish, shuningdek, ittifoqning va uning tarkibiga kiradigan barcha mustaqil davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralariga, barcha xorijiy davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralariga, barcha xorijiy davlatlarga va jahon hamjatiyatiga murojaat qilib, ularni respublikaning davlat mustaqilligi e’lon qilingan hujjatini tan olishga da’vat etish to’g’risida qaror qabul qildi. Bu bevosita O’zbekiston mustaqilligining dastlabki huquqiy poydevori edi.

Darhaqiqat, biz ijtimoiy-siyosiy jarayonlar odamlar hayotini keskin tarzda bir o’zandan ikkinchi o’zanga burib yuborgan, hayotimiz butunlar boshqacha tus olgan va turmushimiz o’zgacha mazmun kasb etgan murakkab ruhiy-ma’naviy holatni boshdan kechirdik. Natijada yillar mobaynida qotib qolgan tushunchalarimiz o’zgarmoqda va mudrab qolgan ongimiz uyg’onmoqda.

Istiqlol tufayli “mustaqillik”, “hurriyat” degan so’zlar butun jozibasi bilan birga beqiyos qudratini, buyuk o’zgartiruvchilik mo’jizasini ko’rsata boshladi. U dunyoqarashlarimizni tubdan o’zgartirib, fikrimiz, tafakkurimizni boyitmoqda. Voqealar rivojini butun mohiyati bilan anglashni, dunyoga kengroq va tiyrakroq nazar bilan qarashni, bu ko’hna olamda sho’ro tuzumidan boshqa adolatli tuzumlar ham borligini, boshqacha yashash ham mumkin ekanligini, kommunistik mafkuradan bo’lak hayot lazzatini, inson qadru qimmatini himoya qiladigan g’oyalar ham mavjudligini ko’rsatib berdi. Zotan, istiqlolning buyuk mohiyati, beqiyos qadriyati ana shunda. Mustamlakachilikning kishilik tarixida anduh va kulfatlar yog’dirgan beqiyos fojeasi – uning insonning mustaqil fikrlashdek ulkan iqtidoridan marhum etganida. Mustaqillik ana shu insoniy fojeaning achchiq mazmunini ochib berdi.

Istiqlol bizga o’zligimizni anglatdi. O’zini anglash – olamni anglash, olamni tushunish – odamni tushunish, demakki, hayotning mazmunini idrok etishdir. Inson o’zini butun mohiyatini, insonligini qanchalik chuqur tushunsa, yashash mazmun-mohiyatini ham shunchalik chuqur anglaydi.

O’zligini anglagan kishi olamning butun rang-barangligi bilan birga hayot mazmunini, o’zini shunchaki tiriklik va mavjudlik belgisi emas, aksincha, tabiatning betakror mo’jizasi ekanligini, shu asnoda inson qadru qimmatini tobora teranroq anglay boshlaydi. Ma’rifatga muhtojligiga, xurofot va jaholat hayot kushandasi, manqurtlik – o’zligini va olamni unutish ekanligiga tobora ko’proq ishonadi. Demak, bevosita ichki bir da’vat va ilohiy quvvat bilan ma’naviy yetuklikka, komillikka intiladi. Bu – istiqlolning yana bir mo’jizasi.

Mustaqillikning asosiy qadriyatlaridan biri uning ijtimoiy, ma’naviy mohiyati bevosita omma fikrini uyg’otishda, xalqning o’tmishi, buguni va kelajagi xususida qayg’urish hissini kuchaytirishdan iborat. Aks holda tub islohotlarning umri qisqa, taqdiri esa fojea bilan tugashi mumkin.

Biz tarixning ayni burilish davrida yashamoqdamiz. Ana shu burilish nuqtasining o’ziyoq tafakkurimizni, tor dunyo-qarashlarimizni, har tomonlama chegaralab qo’yilgan tushunchalarimizni o’zgartirishni taqozo etmoqda. Uzoq yillar mobaynida bir qolipdagi hayotdan so’ng beixtiyor olis o’tmishni eslashga, uni o’rganishga, o’zligini anglashga kuchli ehtiyoj tugildi. Ichki bir tabiiy kuch million-million kishilar qalbida mudrab yotgan tuyg’ularni harakatga keltirib yubordi. Natijada odamlarning hayotga munosabati o’zgarib, o’z taqdiri bilan bog’liq bo’lgan zamin istiqbolini o’ylashga zarurat sezmoqda.

Butun borlig’imizdan, ma’naviy bisotidan judo qilingan xalq erkinlik tufayli katta tashnalik bilan o’z tarixini bilishga intila boshladi. Bu borada ming yillar davomida vujudga kelgan, xalqimizning daholik qudratini, quvvai hofizasini, tab’i nazmini, qolaversa, ma’naviy-ruhiy holatini belgilab beradigan xalq og’zaki ijodiga sho’ro hukumati davrida ongli ravishda yuz bergan munosabatinigina eslatish joizdir.

Sir emas sovet davrida asrlar mobaynida tildan-tilga ko’chib, avlodlar davomiyligi va vorisliyligini saqlashda oltin halqa bo’lgan afsonalar, rivoyatlar, ertaklar, topishmoqlar va latifalar zo’ravonlik bilan yo’q qilindi. “Alpomish”, “Go’ro’g’li”, “Hasanxon”, “Nurali”, “Sherali” singari dostonlarga, milliy qo’shiq va lapalar g’oyaviy nuqtai nazardan zararli deb topildi. Umuman, barcha milliy-madaniy yodgorliklar singari o’zbek xalq og’zaki ijodining yuksak namunalariga ham kommunistik mafkura nuqtai nazaridan qaraldi va ana shu o’lchov bilan baho berildi, deydi kuyinib professor M.Murodov.

Birgina misol “Alpomish” dostonida go’yoki xonlar va beklar sha’niga hamdu sanolar o’qilarmish, bosqinchilik va zo’ravonlik tashviq qilinar emish, diniy ohanglar, ilohiy kuchga ishonish, ilohiyatning mavjudligi kabi g’oyalar targ’ib qilinar emish…

Ma’lumki, o’zbek xalq dostonlarida diniy ohanglar. Allohning mavjudligi va uning irodasi xususidagi talqinlar azaldan bo’lgan. Biroq Kommunistik partiyaning dahriylik mafkurasi dostonning ana shu jihatlariga yopishib olib, uni xudosizlik tashviqoti quroliga aylantirmoqchi bo’ldi. Mazkur mafkuraning ana shu qabih g’oyasi tufayli inson qalbidagi ishonch, e’tiqod tuyg’usi mahv etildi. Tabiiyki, xudodan qaytgan odam har qanday razolat va qabohatdan qaytmaydi. Xudobexabarlik iymonsizlik va diyonatsizlikni keltirib chiqaradi. Natijada na Vatanga, na millatga, na o’tmish, na istiqbolga e’tiqod qoladi. Tabiiyki, e’tiqodsizik – xurofotga, xurofot jaholatga, jaholat esa halokatga olib keladi. Jaholat, nodonlik hukmron bo’lgan joyda tanazzul chuqurlashadi. Manqurtlik shaklidagi yovvoyi va ibtidoiy hayot vujudga keladi. Sovet tuzumining “ulug’ mafkurachi”lariga ayni shu narsa kerak edi. Shuning uchun ham ezgulik himoyachisi sifatida xalqimizning ma’naviy qahramoniga aylangan Alpomish obrazi atay buzib tanqiq etildi. Aniqrog’i, unga tuhmat qilindi, ta’na toshlari otildi.

O’zbek xalq ijodiyotining odamlarni inson va diyonatga, imon va e’tiqodga, mehnatsevarlik va yurtparlikka, odob-axloq va madaniyatga chorlovchi asosiy g’oyalaridan foydalanish o’rniga ular o’tmishni ideallashtiradi, pirlar, aziz avliyolar, podshohlar, muqaddas qadamjolar, maqbaralaru madrasalarni ulug’laydi. Shu tariqa odamlar ongini eskilik sarqitlari bilan zaharlab, ular e’tiborini sovet tuzumidan chetga tortadi, deb qoralandi. Xalq ijodiyotining ko’plab asarlari, masalan, mashhur xalq kuychisi O’tar shoir Safarov aytgan “Oyparcha” dostoni qayta ishlanib, xohlagancha qisqartilib, qaychilanib zamonaviylashtirilganidan, undagi asl g’oyalar tushirilib qoldirilganidan keyingi nashr etildi. O’tar shoir Safarov o’g’li Qorabaxshiga kitobni o’qitib o’ksigan, bu aytgan doston emas, deb yig’lagan ekan.

30-yillardagi qatag’onda o’zbek xalqining eng iste’dodli namoyandalari yo’q qilindi. Ularga turli ayblar qo’yilib, har xil bahonalar bilan qatl etildi. Biroq, sho’ro tuzumini maqtab, “xalqlar otasi”ni kuylagan ayrim shoirlarga ham kun berilmadi. Sababi, ularning beqiyos iste’dod ekanligi. Bir kun kelib baribir o’z xalqiga yon bosishni oldindan payqagan qizil imperiyachilar ularni ham otib tashladi. Xususan, Xolyor Abdukarim o’g’li xalqimizning iste’dodli baxshilaridan bo’lgan. Filologiya fanlari doktori, professor Malik Murodovning aytishicha, “Xoliyor Abdukarim o’g’li “Amir qochdi” dostonini yaratib Sho’ro tuzumini madh etgani ma’lum. Biroq baribir 1937 yilda qatl etilgan. U o’limi oldidan do’mburasini olib bo’zlab kuylaganda hatto soqchilar ham: “Zo’r ekansan-ku, baxshi, ammo ilojimiz yo’q-da”, degan ekanlar. Yoxud dehqonodlik Farmon baxshi quloq qilinishiin sezib qolgach, goh Surxondaryo, goh Tojikiston, goh Qashqadaryoda qishloqma-qishloq, ovulma-ovul darbadar bo’lib yashashga majbur bo’ldi. Ham o’zbek, ham tojik tilida dostonlar kuylagan Farmon baxshining bebaho merosi yozib olinmadi. Bedodlik shu darajaga yetdiki, unga o’z qishlog’iga kelib o’lishga ham ruxsat berilmadi, xoki o’zga joylarda qolib ketdi”.

Bunday hodisalar qariyb 130 yillik mustamlakachilik yillarida turli sohalarda, turli shakllarda yuz bergan. Qatag’onlar, mahv etishlar, otib tashlashlar xalq ruhiyatini sindirdi. Odamlar bu mislsiz qirg’inlar natijasida bir umr tahlika va qo’rquv bilan yashadi. Ana shu hadiksirash millat hayotini zaharladi. Turmush lazzatini, yashash zavqini zaqqumga aylantirdi. Jadidchilik harakatining faollari, ma’rifatparvarlar, xalqimizning chin farzandlari ona yurt istiqloli, millat istiqboli yo’lida tinimsiz kurashdilar. Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning fig’on va dard to’la quyidagi satrlariga befarq qarab bo’lmaydi: “Xonimoni xarob, boyqushlarga hamdam, farzandlari haykaldek jonsiz, vayrona Turkiston! Yo’q, yo’q sahni jonlik janoza birla to’lgan buyuk mozor! Unga o’lik kimsalar – madfun zindalar qo’yilgan. Bu tirik o’liklar edi. Turkistonning bu kungi noqobil avlodlaridir. Uning ahvoliga Yer ham, Osmon ham yig’ladi. U ham fikr, ham haqir. Uning ahvoli chindan-da og’ir. Bir tarafdan behad yomon dardga giriftorlik, ikkinchi tomondan xorlik.

Marizning bir tarafdan, bir tarfdan xorsan – millat,
Badandan doimo qon oldirar bemorsan – millat!

Uning ta tili, na qulog’i bor. U surat, devor! Mudhish xol!”.

Bu satrlar bezovta yurak qoni bilan, millat dardiga darmon bo’lish ilinjida to’kilgan achchiq ko’z yoshlari bilan yozilmagan deb kim aytadi? Mustamlakachilik dardi tobelik va mutelik suyak-suyagidan o’tib ketgan kishigina milliy ozodlik, hurriyat va erkinlik xususida ana shunday quyib aytadi, kuyib so’zlaydi, yonib kuylaydi.

Ulug’ bobokalonimiz Abdulla Avloniy “Ma’rifat – shijoatdir” degan edi. Darhaqiqat ma’rifatli kishigina shijoatli bo’ladi. U o’zini himoya qilishga, o’z qadru qimmatini o’rniga qo’yishga qodir bo’ladi. Afsuski chorizm va undan keyingi qizil imperiya davri bizni ayni ana shu qalb shijoatidan, yurak da’vatidan, dil charog’idan mahrum etdi, ma’rifatsizlikka mahkum qildi. Ulkan olim, taniqli adib va yirik jamoat arbobi Abdurauf Fitrat istiqlol kunlarini, hurriyat damlarini orziqib kutdi. Uning umri faryod va alam bilan o’tdi:

“Ey ulug’ Turon, asrlonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding?

Ey Temurlarning, O’g’uzlarning oilalarining shonli beshiklari! Qani uchiqdiging yuksak o’rinlar? Qullik chuqurlarig’a nedan tushding?!

Dunyoni “urho”lari bilan titragan yo’lbars yurakli bolalari qani? Nechun tovushlari chiqmaydi?

Yer tuprog’ini ko’klarga uchiraturg’on tog’ gavdali o’g’lonlaring qani?

Yer yuzining bir necha polvonlari bo’lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechuk ketdilar? Kurash maydonlarin o’zgalarga nechun qo’ydilar? Nechun… nechun… nechun?

Gapir menga, ey ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi?

Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovrupaning ulug’ xoqonlarini sen yubormadingmi? Ey, xoqonlar o’chog’i? Ey, qahramonlar to’g’oyi! Qani u chaqmoq chopishli botir xoqonlaring? Qani avval- o’q yurishli otli beklaring? Nechuk “urho”lari eshitilmaydur?

Dunyo xalqini bo’ysuntirgan saltanatlaring nechuk buzuldi?

Insonlik olamini qanotlari ostida olgan xoqonliging nechun kuchi o’ldi. Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi?

Yo’q… yo’q… Tangri haqqi uchun, yo’q? Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Bugun Yer yuzida sakson million bolang bor. Bularning tomirlaridagi qon Chingizlarning, Temurlarning qonidir.

Bularning kuchlari sening kuchingdir!

Ey ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Qayg’urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo’qolmamishdur.”

Va nihoyat Mustaqillik ana shu iztiroblar, qon yutishlar iskanjasida qolgan xalqimiz qalbiga nur, umidlariga qanot, dardlariga malham bo’lib keldi. Mustaqillikning ma’naviy-ijtimoiy mazmuni, uning beqiyos mohiyati ana shunda. Mazkur xulosalardan kelib chiqib Prezident Islom Karimov: “Mustaqil o’zbek davlati – xalqimizning tarixiy yutug’idir. Xalqi yuz yillar mobaynida ozodlikni orzu qilgan O’zbekiston chinakam mustaqillikni qo’lga kiritib, gullab-yashnashni va farovonlikka erishishni, taraqqiy etgan demokratik davlatlar qatori xalqaro hamjamiyatda munosib o’rinni egallashi – biz ko’zlayotgan oliy maqsaddir”, deganida tom ma’noda butun xalqimizning orzu-umidini, maqsad va intilishlarini ifoda etgan edi.

Mustaqillikning mohiyati, uning tarixiy ahamiyati milliy uyg’onish va milliy tiklanish jarayoni bilan bog’liq. Xalqimiz millat sifatidagi beqiyos qadriyatlarini, asrlar mobaynida shakllangan ma’naviy-ruhiy boyliklarni qanchalik chuqur anglasa, milliy uyg’onish hissi shunchalik kuchayadi. Qalbidan millat, vatan, ajdodlar oldidagi burch tuyg’ulari qanchalik chuqur joy olgan bo’lsa, o’zligini anglashga, o’z milliy qadriyatlarini tiklashga shunchalik ko’proq ehtiyoj sezadi. Bunday odamda kurashchanlik, tashabbuskorlik, o’z-o’zini, demakki, millatini va vatanini himoya qilish qudrati beqiyos bo’ladi. Shuning uchun ham biz mustaqillik uchun kurashning butun mazmun-mohiyatini shaxs ma’naviy barkamolligi, uning har tomonlama yetukligi bilan bog’liq holda tushunmog’imiz kerak. Ana shunda mustaqillikning taraqqiyot yo’llari, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy, g’oyaviy-axloqiy asoslari mustahkam bo’ladi.

Milliy tiklanish, uyg’onish hodisasi juda keng, murakkab tarixiy jarayondir. U xalqimiz hayotining hamma sohalarini qamrab oladi. Iqtisodiyot, siyosiy faoliyat, ma’naviyat, ilm-fan, til, tarix, urf-odatlar, hunarmandchilik, me’morchilik barcha-barchasini inson kamoloti bilan bevosita daxldor barcha masalalarni ham o’z ichiga qamrab oladi.

Milliy tiklanishga birdaniga erishib bo’lmaydi. Milliy tiklanish uzoq davom etadigan, ko’p yillarni qamrab oladigan murakkab jarayon.

Biz ana shunday mashaqqatli va sharafli jarayonni boshdan kechirmoqdamiz. Butun O’zbekiston – ulkan xonadonimizning ruhiyatimiz, tuyg’ularimiz, eng nozik hissiyotlarimiz tiniqlashmoqda, ravshanlashmoqda, turli change g’uborlardan tozalanmoqda.

Istiqlol mohiyati, uning millat va mamlakat taqdirida tutgan o’rni, ulug’ ajdodlarimiz, boy va noyob tariximiz hamda istiqboldagi vazifalarimiz xususida gapirar ekan, Prezident Islom Karimov buni muxtasar qilib shunday tushuntiradi: “Biz uchun mustaqillik – eng avvalo o’z taqdirimizni qo’limizga olish, o’zligimizni anglash, milliy qadriyatlarni, urf-odatlarimiz tiklash, hammamiz uchun mo’tabar shu vatanda, har bir xonadonda tinchlik-osoyishtalikni, barqarorlikni saqlashdir. Aziz vatanimizda adolat, insof, dinu diyonat, mehru oqibatni qaror toptirishdir.

Biz uchun mustaqillik – Allohning o’zi el-yurtimizga in’om etgan tabiiy boyliklarga egalik qilish, xalqimiz qudrati, salohiyati, aqlu zakovatiga tayanib, O’zbekistonda yashayotgan har bir inson, har bir oila uchun munosib hayot qurish, kelajak avlodlar uchun ozod va obod Vatan qoldirishdir.

Biz uchun istiqlol – millatimiz, mamlakatimizning jahonda obro’-e’tibori, shon-shavkatini ko’taradigan sog’lom avlodni, har jihatdan barkamol va fidoyi o’g’il-qizlarni tarbiyalash, ularni voyaga yetkazish va baxtini ko’rishdir. Har bir fuqaro uchun – millati, irqi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar – erkinlik, tenglik, birodarlik, munosib sharoit yaratib berishdir”. Biz bugun dunyoni yangi ko’z bilan ko’rish, uni yangicha tafakkur bilan idrok qilish jarayonlari ichra ulg’ayib borayapmiz. Bugun barcha yo’qotilgan qadriyatlarni, boy berilgan madaniy va ma’naviy boyliklarni qaytadan to’plash, qadimiy Turkiston an’analarini tiklash, o’z milliy qiyofasi bilan jahon xalqlari safidan munosib o’rin olishdek g’oyat murakkab va mashaqqatli vazifalar qarshisida turibmiz. Zimmamizda yillar davomida yo’l qo’yilgan xatoliklar va kelajak oldidagi qarzdorlikning ulkan, zalvorli yuki bor. Biroq buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni qayta tiklash, o’zligimizni, insoniy his-tuyg’ularimiz, sha’nimiz va oriyatimizni himoya qilishga, uni hamisha baland tutishga imkoniyat tug’ilganining o’z barcha mashaqqatlardan ko’ra huzurbaxshroqdir. Ana shu imkoniyatning o’ziyoq kishiga beqiyosh kuch-g’ayrat, qudrat va jur’at baxsh etadi.