Nega biz oyning faqat bir tomonini ko’ramiz?

Yerda insoniyat paydo bo’libdiki, oy uning ko’zlariga jumboq bo’lib ko’rinadi. Qadim zamonlarda odamlar oyni tun ilohasi, deb hisoblashgan va unga sig’inishgan. Ammo bugun biz u haqda ancha narsa bilamiz. Hatto sovet va amerikalik olimlar olgan suratlar yordamida uning “teskari” yoki qorong’i” tomonini ham ko’rishimiz mumkin. Nega biz yerdan turib oyning teskari tomonini ko’ra olmaymiz?

Hamma gap shundaki, yerning tabiiy yo’ldoshi bo’lmish oy o’lchamlari unga nisbatan kichik bo’lgan osmon jismidir va u yer atrofida aylanadi. Oy yer atrofini bir marta to’la aylanib chiqishi uchun 29,5 kecha-kunduz vaqt ketadi. Chizig’i shundaki, oy o’z o’qi atrofida ham shuncha kun mobaynida bir marta to’liq aylanib chiqadi. Shuning uchun ham yerga uning faqat bir tomoni ko’rinadi.

Buni yanada yaxshiroq tushunib olish uchun shunday tajriba qilib ko’rishingiz mumkin. Bitta olma yoki apelsin olib, uni ikki bo’lakka bo’ladigan chiziq chizing va uni oy deb faraz qiling. So’ngra qo’lingizni musht qilib tuging va oldinga cho’zing. Uni yer deb faraz qiling. Endi “oy”ni “yer”ga nisbatan faqat bir tomoni bilan aylantiring. “Oy” ni “yer”ga bir tomoni bilan tutib turgan holda “yer” atrofida bir marta aylantirib chiqing. Shunda “oy” o’z o’qi atrofida ham aylanayotganini ko’rasiz, yerdan esa uning faqat bir tomoni ko’rinadi.

Oy fazalari tsikli — davriyligi yangi oy chiqishi bilan boshlanadi. Bu oy Quyosh va yer o’rtasida bo’lgan vaqtga to’g’ri keladi. Yangi oy ko’zga ko’rinmaydi. So’ngra oyning yerga qaragan tomoniga Quyosh nuri tusha boshlaydi. Quyosh nuri tushgan joy aylananing ingichka va ensiz qismi bo’lib ko’rinadi. Bu aylana to’lishib boruvchi oy deb ataladi. Oyning Quyosh nuri tushuvchi qismi tezlik bilan o’sib boradi va yarim aylana holiga keladi. Bu dastlabki chorak deyiladi. So’ngra to’lishib, so’nggi chorakka etadi. Shu alfozda tsikl tugab, qaytadan yangi oy chiqadi.