Nega sahroda suv yo’q?

Sahro nima? Sahro hayotning faqat ayrim turlari yashashi mumkin bo’lgan mintaqadir. Hech bir sahroda nam yetishmaydi. Demak, u yerdagi mavjud hayot turlari suvsizlikka moslashishi kerak bo’ladi. U yerda qancha ko’p va necha turdagi o’simlik o’sishi yog’ingarchilik miqdoriga bog’liq. Yog’ingarchilik mo’l joyda o’rmonlar o’sadi. Yog’ingarchilik miqdori oz joylarda yer yuzasini o’t-o’lanlar qoplaydi. Yomg’ir yoki qor juda kam yog’adigan joylarda esa faqat ayrim sahro o’simliklari o’sishi mumkin. Qush uchsa, qanoti, odam yursa, oyog’i kuyadigan sahrolar, masalan, Afrikadagi Saxara cho’li subtropik zonada joylashgan. U yerlarda havo quruq va issiq bo’ladi. Okeanlar yaqinligiga qaramasdan, bu joylar juda quruqdir. Afrikaning shimoli-g’arbiy qismidagi hamda Avstraliya g’arbidagi sahrolar to’g’risida ham shunday deyish mumkin. Ekvatordan uzoqdagi sahrolar dengizlar va namlik eltuvchi shamollardan olisdaligi hamda dengiz bilan cho’llar o’rtasida tog’lar mavjudligi tufayli hosil bo’lgan. Bunday tog’ tizmalari bulutlarni sahroga o’tkazmaydi. Ularning dengizga qaragan yonbag’irlarida namgarchilik kuchli, teskari tarafida esa qurg’oqchilik hukm suradi. Bu hodisa “yomg’ir to’sig’i” effekti deb ataladi. Markaziy Osiyo cho’llari esa Himolay tog’lari va Tibet to’sig’i ortida joylashgan. AQShning g’arbiy qismidagi katta havza sahrolarini esa dengizdan Serra-Nevada singari tog’ tizmalari to’sib turadi. Sahrolarning tashqi ko’rinishi bir-biridan keskin farq qiladi. Shamol qum ko’p joylarda tepaliklar yoki uyumlar hosil qiladi. Bunday sahrolar qumli sahrolardir. Qoyali sahrolar esa, asosan, tog’ zaminidan, aql bovar qilmaydigan jarliklar va tepaliklar hosil qiluvchi qoyalardan hamda o’ydim-chuqur tekisliklardan iborat bo’ladi. Boshqa (masalan, AQShning g’arbiy qismidagi) sahrolarning o’ziga xos xususiyati tap-tahir qoyalar va suvsiz tekisliklardan tarkib topganligidir. Shamol tuproqning mayda zarralarini uchirib ketadi. Yuzada qoladigan shag’al toshlar “sahrodagi tosh yo’l” deb ataladi.