Nega shafaqning rangi qizil?

Shafaqning betakror qizilligi va tovlanayotgan turfa xil iliq ranglardan go’zalroq bir manzarani uchratish qiyin. Ba’zida bunday manzaraga mahliyo bo’lib, beosdan: “Quyoshning qizarganini qarang-a”, deb yuborganimizni o’zimiz ham bilmay qolamiz.

Aslida Quyosh qizarmaganini, uning rangi mutlaqo o’zgarmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. U faqat kunning ma’lum bir vaqtlarida shunday ko’rinadi. Shu bilan birgalikda bizning ko’z o’ngimizda qip-qizarib botayotgan quyosh bizdan minglab chaqirim G’arb tomondagi kishi uchun, umuman, qizarmaydi.

Shafaq rangiga Quyosh nuri o’tayotgan havo qatlami ta’sir ko’rsatadi. Quyosh ufqqa qanchalik og’sa, uning nurlarini shunchalik ko’p atmosfera qatlamlarini yengib o’tishi kerak bo’ladi.

Lekin dastavval Quyosh nuri o’zida barcha ranglarni jamuljam etganini esga olishim lozim. Odatda, biz bunday ranglar guldastasini oq rang sifatida tasavvur qilamiz. Ammo atmosferada chang zararli, bug’lar va boshqa aralashmalar ham bor. Nur atmosfera orqali o’tayotganda, bu zarralar turli ranglarni yoyib yuboradi. Atmosferada binafsha, ko’k va yashil ranglar qizil va sariq ranglarga nisbatan yaxshiroq yoyiladi. Shuning uchun ham, bir shoirimiz aytmoqchi, “Quyosh ufqqa bosh qo’yganda”, ranglar yoyilib ketishi natijadi atmosferada ko’proq qizil va sariq ranglar qoladi hamda ufq ko’zimizga qizil bo’lib ko’rinadi. Osmon rangining moviyligi ham ranglarning yoyilib ketishi bilan bog’liq. Binafsha va ko’k ranglar qisqa to’lqinlardan iborat va ular atmosferada spektrning qizil rangdagi to’lqinlariga nisbatan o’n barobar tezroq yoyiladi. Buning ma’nosi shuki, qizil nurlar atmosfera orqali o’tadi, ko’k rangdagi nurlar esa havoda suv va chang zarralari ta’siri bilan yoyilib ketadi. Osmonga boqqanimizda, aynan yoyilib ketgan rang unga moviy tus berishini ko’ramiz.