Nima uchun yashin momaqaldiroq bilan yonma-yon yuradi?

Yashin va momaqaldiroq ibtidoiy odamlarni qo’rqitgan va sehrlagan ilk tabiat hodisalaridan biri bo’lgan bo’lsa ajab emas. Ular ilon izi yashinni, momaqaldiroq gumburlashini Xudoning o’zlariga sochayotgan g’azabi, qahri, deb o’ylashgan.

Yashin va momaqaldiroq aslida nima ekanini anglab etish uchun elektrni esga olish kerak bo’ladi. Ba’zi narsalar musbat yoki manfiy zaryadlanishini yaxshi bilamiz. Musbat va manfiy zaryadlar o’zaro tortishadi.

Zaryadning kattaligi oshib borgani sayin tortish kuchi ham ortadi.

Ularni ayri holda tutib turgan kuch juda kattalashib ketadigan lahza keladi. Bu kuch ikki zaryadni tutib turgan havo, oyna yoki boshqa bir izolyatsion qarshilikni yengib yoki yorib o’tadi va razryad sodir bo’ladi. Bu vaqtda ikki jismning elektr zaryadlari o’zaro tenglashadi.

Yashin ham xuddi shu tarzda sodir bo’ladi. Behisob suv tomchilaridan iborat bulut boshqa bir bulut yoki yernikiga qarama-qarshi zaryadga ega bo’lishi mumkin. Ular o’rtasidagi elektr kuchlanishi havo izolyatsiyasini yengib o’tishi bilan elektr razryadi yuz beradi. Elektr razryadi eng kam qarshilik yo’li bo’ylab harakat qiladi. Shuning uchun ham u ilon izi, egri-bugri ko’rinishda bo’ladi.

Havoning elektrni o’tkazuvchanligi temperatura, zichlik va namlik singari omillarga bog’liq. Quruq havo elektrni, umuman, o’tkazmaydi, nam havo esa, aksincha, yaxshi o’tkazadi. Shu sababdan ham aksariyat hollarda yomg’ir boshlanishi bilan yashin to’xtaydi. Nam havo elektrni yaxshi o’tkazgani uchun ham u bo’ylab elektr zaryadlari beshovqin va sezilarsiz harakat qila boshlaydi.

Endi momaqaldiroq nima, degan savolga javob berishga harakat qilib ko’raylik. Elektr razryadi chog’ida havo zudlik bilan kengayadi, so’ngra torayadi. Kengayish va torayish natijasida havo oqimining harakati tezlashadi. Bunday oqimlarning shiddat bilan to’qnashuvi qulog’imizga gumburlab eshitiladi. Momaqaldiroqning takror-takror gumburlashi tovush to’lqinlarining bulutlarga urilib aks-sado berishi bilan bog’liq. E’tibor bergan bo’lsangiz, biz oldin chaqmoq chaqqanini ko’ramiz, bir oz o’tib esa momaqaldiroq gumburlaganini eshitamiz. Negaki, yorug’lik tezligi sekundiga 299 795 km. ni, tovushning havo bo’ylab tarqalish tezligi esa sekundiga 335 metrni tashkil etadi.