Quloqteshardan cho’chish kerakmi?

Katta yoshdagi odamlarda negadir mutlaqo zararsiz bu hasharotga nisbatan sovuq munosabat shakllangan. Hatto unga quloqteshar degan g’alati nom ham berishgan. Bu hasharot pir-pir aylanib va chapdastlik qilib, uxlayotgan odamning qulog’iga, keyin miyasiga kirib ketarmish. Quloqtesharga nisbatan bunday munosabatning shakllanishiga, bizningcha, uning xunuk va qo’pol qiyofasi sabab bo’lgan ko’rinadi. Uning tanasi uzun, ikkita jajji qanoti va ortida ikkita changali bor. Quloqteshar ham o’rmalaydi, ham ucha oladi. Uning uchishi ham g’ayritabiiy: pastlab va deyarli tik holatda uchadi. Aslini aytganda, quloqtesharlar mutlaqo beozor hasharot, u hech qachon uxlayotgan odamning qulog’iga kirmaydi va chaqmaydi. U tuxum qo’yib, nasl kutayotgan payti qo’l bilan tegilsa, qattiq qisqichlari bilan yengilgina chimchilab olishi mumkin. Quloqtesharlar naqadar g’amxo’r, bolalarini bir lahza bo’lsin, xoli qoldirmaydi. Bordiyu quloqtesharlarni haydamoqchi bo’lsangiz, ular asabiylashadi va qarshilik ko’rsatadi, ilojsiz qolsa, tuxumlarini jag’i bilan yig’ishtirib olib, boshqa xavfsizroq joyga ko’chiradi. Quloqteshar zuryodlarini tuxumdan chiqqandan keyin ham ardoqlab asrashda davom etadi. Ular har tomonga o’rmalashga intilayotgan o’z bolalarini — oppoq jajji lichinkalarini juda yaxshi ko’radi. Ammo ona ularning bu harakatini tiyib qo’yadi va darrov ortiga qaytaradi.