Quruqlikda ilk bor qaysi hayvon paydo bo’lgan?

Evolyutsiya nazariyasi bilan hamma ham murosa qilavermaydi, ammo uning tarafdorlarining aytishicha, yerda hayvonot olami (jumladan baliqlar, qushlar va hasharotlar) bundan 500 million yil burun, ya’ni yerning yuza qismi qurib, okeanlar tarkib topgandan keyin paydo bo’lgan. Aksar olimlar hayot okeanda dunyoga kelgan, deb taxmin qilishadi. Hayot 160 million yil o’tgandan so’nggina quruqlikda paydo bo’lgan. Shundan keyin quruqlikda ajabtovur, baliqqa o’xshash maxluqlar sudralib yura boshlagan. Dastlab ularning harakati juda noo’ng’ay edi, sababi ularning oyog’i yo’q edi. Ular juda uzoq davr suzgichlaridan oyoq o’rnida foydalanishgan. Ancha avlodlaridan keyingina bu maxluqlarning suzgichlari oyoqqa aylangan. Ular bu o’zgarishlarni boshlaridan o’tkazgani bilan tuxumlarini avvalgidek suvga qo’yardilar va tuxumlardan yangi nasllar ochib chiqardi. Ajdodi baliqqa o’xshagan bu maxluqlar asta-sekin yurishni o’rganganlar va ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlarga aylangan (sovuqqonli hayvonlar hayotining ma’lum qismini suvga qo’yilgan tuxumni yorib chiqqanlaridan keyin quruqlikda o’tkazadilar). Bir qancha davr o’tgach, ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlarning ayrimlari tuxumini suvga qo’yishni bas qilganlar. Bu jarayon yuz bergan paytda ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlar sudralib yuruvchilarga aylangan (sovuqqonli hayvonlar tuxumini quruqlikka qo’yib ko’payadi). Yerda 100 milliondan ortiqroq yil yashagan sudralib yuruvchilarning ayrimlari tanasida pat paydo bo’lgan, old qo’llari qanotga aylangan. Bir necha muddat o’tgach, ular parvoz qilishni o’rganishgan va shu tariqa qushlar paydo bo’lgan. Sudralib yuruvchilarning ba’zilari tuxum qo’yishni bas qilganlar va bola tug’adigan va sutemizuvchilarni eslatadigan hayvonlarga aylangan. Bundan tashqari, ular issiqqon bo’lishdi va shundan so’ng rostmana sutemizuvchilar darajasiga yetishdi.