“Shayton saltanati” qayerda joylashgan?

Hamma bir og’izdan, do’zaxda-da, deb javob berishi turgan gap. Do’zax qayerda ekanini esa hech kim aytib berolmasa kerak. Ammo yerda, to’g’rirog’i, chuqur suv ostida shunday joylar borki, unga borgan kishi, mana sizga do’zax, shayton saltanati, deb xitob qilib yuborishi hech gap emas. Bunday joy Ekvador sohili va Galapagos orollari o’rtalig’idagi 2000 metr chuqurlikda joylashgan. Bunday hayot qaynaydigan vohalarda g’alati jonivorlar bor. Odatda, okean tubiga tushib borilgan sari ozuqa yo’qligi sababli hayot nishonalari kamayib ketaveradi. Chunki yerdagi tiriklikning bosh manbai bo’lmish yashil o’simliklar faqat suvning yuqorigi yuz metrlik qatlamida unib o’sadi. Galapagos orollari yonidagi hayot haqiqatan ham chashmaday jo’sh uradi. Negaki, u yerda qaynoq suv buloqlari bor. U suv tubidagi yoriqlardan emas, undan 15 metr ko’tarilgan baland qingir-qiyshiq quvur og’zidan otilib chiqadi. Bu mash’um quvur og’zidan doimo 15 metrgacha boradigan qora bulutlar to’dasini ufurib turgani uchun ham “qora kashanda” deb nom olgan. Bu mintaqaga batiskaf yordamida sho’ng’igan okeanavtlar o’z batiskaflarini sirli ravishda do’zaxga tushib qolgan bo’lsa kerak, deb o’ylashlari mumkin. “Kashandalar” chiqarayotgan suv juda g’alati. Uning temperaturasi 350-360 darajaga yetadi. Uning tarkibida oddiy dengiz suvida uchramaydigan vodorodsulfid eritmasi bor. Oltingugurt va boshqa moddalar soviyotib, otilib chiqayotgan paga-pag’a suvni qoraytirib yuboradi. Quvurning o’zi ham undan chiqayotgan suv tarkibidagi moddalardan hosil bo’ladi. Nima uchun “qora kashandalar” atrofida vohalar paydo bo’ladi? Chunki jonivorlar o’sib-unishi va ko’payishi uchun issiq suvning o’zi kifoya qilmaydi, buning uchun yaxshi ozuqa ham kerak. Aniqlanishicha, vodorodsulfid vohadagi hayot manbai ekan. Unga kislorod qo’shilganda, ko’plab energiya ajralib chiqadi. Bu energiya vohada yashovchi jonivorlar uchun u yerga yetib bora olmaydigan Quyosh nuri vazifasini o’tar va organik moddalarning sintezlanishi uchun sharoit yaratib berar ekan. Bunday vohalar sayyoramizning tirik mavjudotlar Quyosh siyloviga muhtoj bo’lmagan yagona mintaqasidir. Barcha jonzot uchun zaharli bo’lgan vodorodsulfid u yerda hayvonlar uchun qulay yashash sharoiti yaratib beradi.