Tabiatda hasharotlarning qancha turi bor?

Odamlarning ongida “hasharot” so’zi qanday taassurot qoldirgan? Odatda, chivin, pashsha, kuya, qo’ng’iz kabi zararli hasharotlar ko’z oldimizda gavdalanadi. Yoki u chumoli, asalari, ari, shuningdek, go’zal kapalakni xayolimizda jonlantiradi. Maboda siz ulardan hasharotlarning boshqa turlarini ayt, desangiz yana bitta yo ikkitasining nomini aytishi mumkin. Hasharotlarning aslida, qancha turi borligini bilasizmi? Ikki milliondan oshiq uch millionga yaqin turi bor desak, albatta, hayron qolasiz! Olimlar faqat olti yuz yigirma beshtasini tasniflashgan. Har bir turini tasniflashning deyarli iloji yo’q. Olamda tirik mavjudotlarning hasharotlar soniga teng keladigan sinfi topilmaydi. Agar biz dunyoda qancha hasharot borligini sanashga urinib ko’rsak, inson ongiga sig’maydigan son hosil bo’ladi! Birorta mintahqada yashayotgan hasharotlarni sanashning yagona usuli, bu — unumdor nam tuproqning bir kvadrat metrida mavjud hasharotlarni sanab chiqishdir. Ular taxminan besh yuzdan ikki mingtagacha bo’ladi. Bu — unumdor tuproqli bir gektar maydonda sakkiz million atrofida hasharot farovon va to’kin-sochin yashaydi, degan ma’noni anglatadi! Biroq hasharotlarni maxsus tayyorgarliksiz kuzatishga chiqqan odam (ko’pchiligimiz shundaymiz) ana shu maydondagi hasharotlarni sanashga urinsa, u faqat atrofida uchib yurgan kapalak, tukli ari yoki qo’ng’izni ko’rishi mumkin. Ammo oddiy ko’z bilan ilg’ab bo’lmaydigan hasharotlar ham mavjud. Ularni, asosan, mikroskop ostida ko’rish mumkin. Bir gektar maydondagi bu qadar ko’p sonli hasharotlarning bir necha mingi odamga noo’ng’aylik tug’diradi va shu boisdan u ularning sonini nazorat qilib turishga urinadi. Bu omillarning barchasini qayd etsangiz, insonning, aslida, hasharotlar sayyorasida yashayotganini fahm etasiz, lekin u bu hasharotlarning ko’pini va ularning haqiqiy miqdorini tasavvur etolmaydi! Tashqi qiyofasi turli-tumanligiga qaramay, hasharotlar uchun ikki xususiyat umumiydir: ularning tanasi uch a’zodan iborat va ko’pincha olti panjali bo’ladi. Bu ularning aksariyatiga xos, ammo bundan mustasnolari ham mavjud.