Yeyishli zamburug’ va qurbaqasalla o’rtasida qanday farq bor?

Ular o’rtasida hech qanday farq yo’q. Fan tilida “qurbaqasalla” degan zamburug’ turi yo’q. Odamlar zaharli zamburug’larni qurbaqasallalar deb ataydi. Botaniklar uchun bu atama hech bir ilmiy qimmatga ega emas. Ular uchun yeyishli yoki biz qurbaqasalla deb ataydigan zaharli zamburug’lar o’rtasida hech qanday farq yo’q. Zamburug’lar to’g’risidagi tasavvurlarning aksariyati yanglishdir. Zaharli zamburug’ turlari juda oz. Ammo ular yegan kishini o’ldiradi. Shuning uchun ham zamburug’ni, zaharli yoki zaharsiz ekanini to’la bilib olmaguncha, yemay turgan ma’qul. Odamlar zamburug’larning zaharliligini hamisha ham to’g’ri aniqlay olmaydi. Masalan, soyabonga o’xshash zamburug’larning barchasi zaharli degan qarash unchalik to’g’ri emas. Mabodo, pishirilayotgan zamburug’larni qo’zgab turgan kumush qoshiq qorayib qolsa, bu o’sha zamburug’larning zaharli ekanini bildirmaydi. Bunday qarash ham noto’gri. Pushti plastinkali zamburug’lar yeyishli, degan yanglish fikr ham bor. Uning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan hol ikki xil yeyishli zamburug’ turining qalpog’i ostida pushti plastinka mavjudligidir, eng zaharli zamburug’larning esa oq plastinkasi bor. Ammo bu tafovut unchalik ko’zga tashlanib turmaydi. Bundan tashqari, ko’pgina yeyishli zamburug’larning plastinkalari pushti rangda ham emas. Angliyada zaharli zamburug’larning “o’lik qalpoq” deb ataladigan birgina turi bor. Zamburug’ dastlab yerga ko’milgan tuxumga o’xshaydi, so’ngra qora markazli va oq oyoqli zaytunsimon yoki ko’kimtir-sarg’ish qalpoqchaga aylanadi. Zaharli zamburug’lar uni yegan kishini muqarrar o’ldiradi. Imperator Neron bir guruh mehmonlarni zamburug’lar bilan zaharlab o’ldirgani to’g’risida rivoyat bor. Zamburug’ yeb zaharlanmaslikning eng yaxshi yo’li ularni magazindan sotib olishdir. Zamburuglar va mog’or bir oilaga mansub. Ushbu guruhga mansub boshqa o’simliklar kabi ularda yashil modda yo’q. Bunday moddaga ega bo’lmagan o’simliklar o’ziga ozuqa ishlab chiqara olmaydi. Ular xlorofillga ega bo’lgan boshqa bir o’simlik yonida o’sadi va to’laligicha unga qaram bo’ladi. Zamburug’lar o’ta nozik o’simlikdir. Ular, asosan, suvdan tarkib topgan bo’ladi, shuning uchun quruq shamol va jazirama oftobga bardosh bera olmaydi.