Ocharvoh nima?

«Vampir» kalimasining o’zi vengerchadan kelib chiqqan va slavyan tillarida unga mos keladigan so’zlar mavjud. U birinchi marotaba taxminan 1734 yilda ishlatilgan, ancha keyinroq, 1762 yildan e’tiboran bu so’z, o’shanda talqin qilinganidek, hayvonlarga hamla qiluvchi ko’rshapalaklarga ham nisbat beriladigan bo’ldi. Buningdek yovuz mavjudotning paydo bo’lishi odamzotning uni qurshab turgan tabiat qonuniyatlarini bilmasligi, ayrim hodisalarni izohlab berish imkoniyati yo’qligi bilan shartlangan edi. Qadim-qadim zamonlardan beri odamzot baxtsizlik keltiruvchi yoqimsiz bir nima haqidagi tasavvurni qorong’ulikka aloqador deb bilgan. Sutkaning yorug’ pallalari — kunga zid o’laroq tun hamisha inson nazdida o’ziga dushman turli maxluqotlarning faoliyati uchun eng qulay payt bo’lib qolgan. Ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaluvchi vampir haqidagi tasavvur xuddi folklor yodgorliklarida uchrab turgani singari turli xurofotlar va real faktlarning qorishmasi bilan ham to’ldirilib boriladi. Lotin Amerikasida kun kechiruvchi qon so’ruvchi ko’rshapalaklar aniqlanganida ularni vampirlar deb atay boshladilar. Ocharvoh timsoli barcha mamlakatlarning folkloridagi qayta tirilgan marhumlar haqida naql qiluvchi afsonalar va hikoyalarda uchraydi. Vampir haqidagi afsonalarning marhum ajdodlar kulti bilan aloqasi judayam maroqlidir. Uning kelib chiqishi juda qadimiy va izlarini deyarli dunyoning barcha xalqlaridan topish mumkin. Binobarin Yevropaning aksariyat xalqlari haligacha 1 noyabrni hamma aziz-avliyolar kuni yoki barcha marhumlarni xotirga olish kuni sifatida nishonlashadi. Unda ko’pgina butparastlik tasavvurlari, shu jumladan keltlarning marhumlar hukmdori iloh Samxeyn sharafiga bayrami ham birlashib ketadi. Keyingi kun, 2 noyabr — barcha marhumlar bayrami, ruhlar qaytib keladigan an’anaviy kun. Shu kuni Quyosh botganidan keyin hamma uyda o’tirishi kerak, chunki ajdodlar o’z qarindoshlarining uyiga xotirot bazmiga kelish uchun yo’lga. chiqadilar, deb hisoblanadi. Shu bois ularga ramziy noz-ne’matlar — odatda bu narsa bir burda non va qandaydir alkogolli ichimlik bo’ladi. Vampirlar haqida tasavvurlar ham aynan shu kun bilan bog’langanligining hech bir ajablanarli joyi yo’q. Vampir-ocharvoh asotiriy mavjudot ekanligi to’g’risidagi tasavvur, ayniqsa, Brem Stokerning 1897 yilda e’lon qilingan va bir necha marotaba qayta nashr etilgan Drakula haqidagi mashhur romanidan keyin adabiyotda ham aks etdi. Adib vampirlar haqidagi hikoyalarni chindan ham Vengriyada yashab o’tgan va jodugarligi uchun qatl etilgan graf Drakula timsoli bilan birlashtirgan.