«ZVEZDA VOSTOKA»

«ZVEZDA VOSTOKA» («Sharq yulduzi») — O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy-badiiy va ijtimoiy-siyosiy jurnali. Toshkentda rus tilida 3 oyda bir marta chiqadi. Muassislari — Toshkent matbaa kombinata, «O’qituvchi» nashriyoti, «Matbuot tarqatuvchi» ochiq aktsiyadorlik jamiyati. Jurnal dastlab «Sovetskaya literature narodov Azii» («Osiyo xalqlari sovet adabiyoti», 1932-34), «Literaturniy O’zbekiston» («O’zbekiston adabiyoti», 1935-40), «Literatura i iskusstvo Uzbekistana» («O’zbekiston adabiyoti va san’ati») nomlari bilan nashr etilgan. 1946 yildan hozirgi nomda. «Zvezda Vostoka» o’zbek adabiyotida yaratilgan eng yaxshi asarlarni, shuningdek, mahalliy rusiyzabon yozuvchilar, chet el yozuvchilarining asarlarini, adabiyot va san’atning muhim sohalariga bag’ishlangan adabiy-tanqidiy maqolalarni, O’zbekiston va butun Sharq tarixi, madaniyatiga oid ilmiy maqolalarni, esselarni, zamondoshlarimiz haqidagi ocherklarni va boshqalarni e’lon qiladi. Jurnalga turli davrlarda M.I. Sheverdin, A.M. Ivanov, G.P. Vladimirov, V.A.Kostirya, S.P.Tatur, S. Madaliyev, N.N.Krasilnikov va boshqalar muharrirlik qilishgan. Adadi 1500 ga yaqin (2002).