AFANASEVO MADANIYATI

AFANASEVO MADANIYATI — Janubiy Sibirdagi eneolit davriga oid arxeologik madaniyat (miloddan avvalgi 3-2 ming yillik boshlari). Xakasiya Respublikasidagi Afanasevo tog’idan topilgan qabriston nomidan olingan. Manzilgohlar, qabristonlar ko’plab topilgan. Xo’jaligi chorvachilik, ovchilik, dehqonchilikdan iborat bo’lgan. Afanasevo madaniyati aholisi atrofida joylashgan mongoloid irqqa mansub qabilalardan farqli o’laroq Hind-Yevropa irqiga mansub bo’lgan. Afanasevo madaniyatiga oid qabrlar doira va to’rtburchak qilib, xarsangtosh va tosh plitalar bilan o’ralgan, ichida 5-6 ta qabr bo’lgan. Jasadlar qo’l-oyoqlari buklanib, boshlari Janubiy-sharqqa qaratilgan holda ko’milgan. Murdalarning yolg’iz yoki juft, ba’zan to’p-to’p qilib dafn etilishi o’sha davrda ibtidoiy jamoalar katta oila bo’lib yashaganliklaridan darak beradi. Qabrlardan jasad yoniga qo’yilgan tuxumsimon yoki yarim shar shaklidagi og’zi tor sopol idishlar, tosh va suyak, ba’zan jez buyumlar topilgan. Sopol idishlar har xil chizma naqshlar b-n bezatilgan. Janubiy Sibir eneolit davri aholisining O’rta Osiyo qabilalari bilan madaniy aloqada bo’lganligini Zarafshonning quyi havzasi rayonidan topilgan eneolit va jez davri madaniyati — Zamonbobo yodgorliklarida yaxshi kuzatiladi.