ARMSTRONG NIL (1930-yilda tug’ilgan)

Qaysi bola yoshligida uchuvchi bo’lishni xohlamagan, deysiz. Yuriy Gagarin kosmosga chiqqandan keyin esa hamma bola kosmonavt bo’lishni orzu qilib qoldi. AQSH astronavti Nil Armstrong ham yoshligidan aviatsiyaga qiziqib, 16 yoshidan samolyotda mustaqil ucha boshladi. 1955-yilda universitetning aviatsiya fakultetini tamomlagandan keyin turli harbiy aviatsiya qismlarida uchuvchi, sinovchi uchuvchi bo’lib ishlab yurdi, hatto, kunlardan bir kuni 100 kilometr balandlikda uchadigan X=15 rusumli samolyotni sinovdan o’tkazdi. Samolyotlarni sinashga doir kitoblar yozdi. 1962-yilda uni astronavtlar tayyorlaydigan milliy aeronoavtika boshqarmasiga qabul qilishdi. 1966-yilda Armstrong birinchi bor “Jeminay=8” kosmik kemasida D. Skott bilan birgalikda kosmosga parvoz qildi. 1969 yilning 16-iyul kuni N. Armstrong M. Kollinz va E.Oldrin bilan birga Oy tomon parvoz qildi. 1969-yil 21-iyul kuni Armstrong insoniyat tarixida birinchi bo’lib Oy sathiga qadam qo’ydi, 20 minutdan keyin Oldrin ham unga qo’shildi. Astronavtlar dastlab yurishni, yugurishni va hatto sakrashni mashq qilib ko’rishganidan keyin Yerdan olib borilgan ilmiy apparatlarni kema atrofidagi joylarga o’rnatishdi. Oy jinslaridan namunalar yig’ishdi (22 kilogramm), AQSH bayrog’ini o’rnatishdi, shu davrgacha kosmonavtika sohasida xizmatni o’tab turib halok bo’lgan birodarlari Y.A.Gagarin, V.M.Komarov, V.Grisson, E.Uayt va R.Chaffilarning tasvirlari tushirilgan medallarni joylashtirishdi. Bu ishlarni 2 soatcha vaqt ichida qilib bo’lishdi. Inson oyog’i birinchi bor tekkan joy “Sokinlik bazasi” deb atala boshlandi. 1969-yil 24-iyulda astronavtlar Tinch okeaniga, ularni kutib turgan joyga qo’ndirildi. Shunday qilib, Armstrong boshliq astronavtlar guruhi g’oyat murakkab va qiyin vazifani — Yerdan boshqa osmon jismlarini bevosita o’zlashtirish davrini boshlab berishdi. Insonning azaliy orzusi — Oyga chiqish xayoli amalga oshdi.