Asparagus qayerda o’sadi?

Qadimgi yunonlar va rimliklar asparagusni tansiq taom sifatida qadrlashgan. Shunga qaramasdan, u hozirgi kunda Yevropaning ko’pgina mamlakatlari, O’rta yer dengizi sohillari va boshqa qumloq yerlarda yovvoyi holda o’sishi ajablanarlidir. U Rossiyaning cho’l mintaqalarida juda ko’p tarqalgan va o’tlab yurgan mollarga ozuqa bo’lib xizmat qiladi. Yovvoyi holda o’sadigan asparagusning issiq va tropik mamlakatlarida 150 tacha turi bor. Bu turlarning aksariyati manzara yaratish maqsadida ekiladi. Uning navniholidan ovqat tayyorlanadi, qirqquloqsimon yaproqlari esa uylarning ichiga bezak bo’lib xizmat qiladi. Asparagus ovqatga ishlatiladigan bo’lsa, poyalari yaproqlar hali kurtak holida bo’lgan davrda kesib olinadi, u vaqtda novdaning uzunligi 30 — 35 santimetrdan oshmagan bo’ladi. Asparagus lolagullilar oilasiga mansubdir. Ta’kidlab o’tilganiday, uning turlari ko’p. Agar uning bo’yi kesib turilmasa, uzunligi 60 santimetr va undan ham baland bo’ladi. So’ngra undan shoxlar o’sib chiqadi, ularda dastlab mayda oq gullar ochiladi, keyinchalik yaltiroq qizil mevalar paydo bo’ladi. Garchi undan tayyorlangan sho’rva tansiq taom sanalsa ham, tarkibi, asosan, suvdan iborat bo’lgani uchun to’yimliligi kam. Asparagusni urug’idan yoki unchalik chuqur bo’lmagan jo’yaklarga ekilgan ildizidan ko’kartirish mumkin. Uni tuproqning yuzaki qatlami chuqur, mineral moddalarga boy va qumloq yerga ekish kerak. Agar o’simlik dastlabki uch yilda qurib qolmasa, keyinchalik to’qqiz va undan ham oshiq yil davomida hosil beradi. Yaxshi hosil olish uchun har yili tuproqni o’g’itlab turish lozim.