Baliqlarga suzgich pufaklar na hojat?

Uzoq muddat baliq chuqurlikdan suv sathiga suzib chiqish uchun o’zining suzgich pufaklarini shishiradi, ana shunda uning tana hajmi kattaradi, siqib chiqariladigan suv o’z vaznidan ortib ketadi, suzish qonuniyatiga binoan baliq yuqoriga ko’tariladi, deb hisoblab kelindi. Yuqoriga ko’tarilishi yoki pastga tushishini to’xtatish uchun baliq, aksincha, suzgich pufaklarini shishiradi. Tanasi, shuning barobarida siqib chiqariladigan suv hajmi qisqaradi va baliq pastga sho’ng’iydi. Suzgich pufaklar haqidagi bunday yuzaki tasavvur bu nazariyaning batamom noto’g’riligi isbotlanmaguncha, uzoq davr yashab keldi. Pufak, shubhasiz, baliqlarning suzishi bilan uzviy bog’langan, chunki tajribalar chog’i ayrim baliqlarning pufagi sun’iy ravishda olib tashlandi va ular suzgichlarini jon-jahd bilan ishlatib suvda tura oldi, to’xtatishlari bilan suv tubiga tushib ketdi. Uning haqiqiy o’rni nimada? Har holda chegaralangan: u baliqning ma’lum chuqurlikda, aynan baliq siqib chiqaradigan suv o’z og’irligiga teng kelgan joydagina turishiga yordam beradi. Baliq suzgichlari yordamida bu darajadan pastga tushganda uning tanasi suvning tashqi yuqori bosimiga bardosh berolmaydi, ayni vaqtda pufaklari shishib siqiladi; siqib chiqarilayotgan suv hajmi baliq vaznidan kamayadi va baliq shitob bilan chuqurlikka tushib ketadi. U qanchalik pastga sho’ng’isa, suv bosimi shunchalik yuqorilashadi, baliq tanasi yanada qisilib, pastga tushib ketaveradi. Baliq muvozanat saqlab turgan joydagi qatlamdan suzgichlari yordamida yanada yuqoriroq ko’tarilganda uning aksi bo’ladi. Uning tanasi tashqi bosimdan xalos bo’ladi, ichki tomonda shishib turgan suzgich pufaklari (undagi gaz bosimi bunga qadar atrofdagi suv bosimi bilan muvozanat saqlab turgan edi) hajmi kattarib boraveradi va pirovardida yuqoriga ko’tarilib boradi. Baliq qanchalik yuqori ko’tarilsa, uning tanasi shunchalik shishib boradi, to’g’rirog’i, yuqoriga suzish harakati jadallashadi. Baliq pufagini «shishirib» unga qarshilik qilolmaydi, chunki suzgich pufaklarining pardalarida hajmini faol o’zgartiradigan mushak tolalari yo’q. Shunday qilib, ilgari mavjud fikrlar chipakka chiqdi, baliq o’zining suzgich pufaklarini o’z xohishi bilan shishira va kichraytira olmaydi. Hajmining o’zgarish jarayoni tashqi bosimning kuchayishi yoki kamayishi ta’siri ostida sust kechadi. Hajmining o’zgarishi baliq uchun nafaqat foydali, aksincha, zararli hamdir, chunki bu holda yo chuqurlikka tushish, yoki yuzaga ko’tarilish tezligini tiyib bo’lolmaydi. Bir so’z bilan aytganda, pufak baliqqa harakatsiz holatda muvozanat saqlab turishga yordam beradi, muvozanat esa omonatdir.