Baliqlarning yuragi bo’ladimi?

Bizga uxshamaydigan mavjudotlarning biznikiga o’xshash a’zolari borligi va ularning ham bizniki kabi vazifalarni bajarishini ba’zan tasavvur eta olmaymiz. Ko’plar baliqlar suvda yashasa, sovuq qonli bo’lsa, demak ularning turli ichki yoki qandaydir sezgi a’zolari bo’lmasligi kerak, deb faraz qilishadi. Aslida baliqlarning ichki tuzilishi oliy, issiq qonli hayvonlarning ichki tuzilishiga juda o’xshaydi. Aksariyat olimlar bu o’xshashlikka suyanib, quruqlikdagi hayot dengizdan paydo bo’lgan, deb hisoblaydilar. Baliqlar nafas oladi va ovqatni hazm qiladi. Ular og’riq va jismoniy noo’ng’aylikni seza oladigan asab sistemasiga ega. Baliqlarning sezgi a’zolari juda taraqqiy etgan. Ular ta’mni farqlay oladi, terisi esa nihoyatda sezgir. Baliqlarning hid bilish a’zolari boshidagi burun kavaklarida joylashgan. Ularning hatto tanasi ichida joylashgan qulog’i bor. Baliqning tashqi eshitish a’zolari yo’q. Baliqlarning ko’zi boshqa umurtqalilarnikiga o’xshaydi, ammo juda sodda tuzilgan. Shunday qilib, baliqlarning bizning organizmimiz funksiyalariga o’xshash funksiyalarni bajaradigan «sistemasi» mavjud. Shu o’rinda ovqatni hazm qilish va qon aylanish sistemasiga bir qo’r nazar solaylik. Baliqlarning ovqati qizilo’ngach orqali oshqozon bezlari joylashgan va ovqat singdiriladigan qorin bo’shlig’iga boradi. Keyin u ichaklarga o’tib, so’riladi va qonga aylanadi. Baliqlar turiga qarab o’simlikdan tortib, boshqa baliqlarni ham singdirishga moslashgan turlicha ovqat hazm qilish sistemalariga egadir. Baliq ham ovqatni biz o’ylagan maqsadda — hayot kechirish uchun kuch, o’sish va harakatlanish manbai sifatida yeydi. Ularning qon aylanish sistemasi barcha a’zolarini ovqat va kislorod bilan ta’minlaydi. Baliqlarning qon aylanishini bizniki kabi yurak yo’naltirib turadi. Baliqning yuragi oyqulog’ining ort tomonida, sal quyiroqda joylashgan. Uning uch yoki to’rtta hujrasi bo’ladi va u bizniki singari bir xil sur’atda torayib turadi. Baliqlarning minglab turi bo’lib, ularning har biri muayyan hayotiy sharoitlarga moslashgan, ammo ularning ichki a’zolari, sezgi va sistemasi biznikiga o’xshashdir.