Botanika nima?

Inson qadim zamonlardan buyon o’ziga oziq-ovqat qidirarkan, o’simliklar dunyosini o’rganib keladi. Bu sohadagi bilimlar asta-sekin to’plana borib, o’simliklar to’grisidagi fan — botanika vujudga kelishiga sabab bo’ldi. O’zini bu fanga bag’ishlagan ilk kishilar sehrgar deb hisoblangan tabiblar bo’ladi. Ular, avvalo, qaysi o’simliklarda zaharli moddalar bor, qaysilari inson va uy hayvonlarini davolashda qo’l kelishini aniqlashi lozim edi. Shuning uchun ham botanika uzoq yillar tibbiyotning bir qismi sifatida mavjud bo’lib keldi.

XVI asrga kelib, turli o’simliklarni ilmiy asosda kuzatgan va o’z kuzatishlarini yostiqday-yostiqday kitoblarga yozib qoldirgan ilk olimlar paydo bo’ldi. Bunday kitoblar mualliflari botanikaning «otasi» degan nom olishdi. Ingliz olimi Charlz Darvinning XIX asrdagi inqilobiy ishlari botaniklarga o’simliklar dunyosi tarixini tushunishda muhim dastak bo’lib holdi. Ular xuddi hayvonlar singari barcha o’simliklar qadimgi oddiy ajdodlaridan kelib chihqanini aniqlashdi. Darvin o’tkazgan tadqiqotlar va uning nazariyasi o’simlikshunoslikda yangi bo’limlar va yo’nalishlar paydo bo’lishiga olib keldi. Shunday bo’limlardan biri o’simliklar anatomiyasidir. Bu bo’lim turli o’simliklarning tuzilishi masalalari bilan birgalikda ular o’rtasida qarindoshlik aloqalarini izlash bilan ham shug’ullanadi. O’simliklar o’rtasidagi qarindoshlikni o’rganishga bag’ishlangan tajribalar u yoki bu tur qanday paydo bo’lishini aniqlash va ularni, inson ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, o’zgartirish yoki takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu muammolarni o’rganadigan fan genetika deb ataladi.

Ekologiya-botanikaning yana bir sohasi. U o’simliklar yer yuzasi bo’ylab qanday tarqalganini o’rganish bilan shug’ullanadi. Boshqacha aytganda, u ma’lum tur nega faqat ma’lum bir sharoitlardagina mavjud bo’lishi to’g’risidagi savolga javob berishga harakat qiladi. Paleobotanikaning vazifasi ilmiy bilimlar asosida o’simliklarning quyi, oddiy shakllardan bugungi holdagi ko’rinishigacha bosib o’tgan yo’lini tiklashdan iborat. U ibtidoiy turlarning toshga aylangan qoldiqlarini o’rganadi. Botanikaning turli bo’limlari orasida o’simliklar fiziologiyasini ham eslab o’tish joiz. U o’simliklardagi hayot jarayonlarini, masalan, ularning qanday nafas olishi va oziqlanishini o’rganadi. O’simliklar kasalliklarini o’rganadigan maxsus bo’lim o’simliklar patologiyasi deb ataladi.