Burjlar nima?

Yulduzlarni kuzatayotganda, ular tanish harflar, uchburchaklar, kvadratlar hosil qilishiga e’tibor bergan bo’lsangiz kerak. Odamlar qadim zamonlardan beri dunyoning turli burchaklarida shunday yulduzlar turkumini turli nomlar bilan atab kelishgan. “Burj” arab tilidan tarjima qilganda “yulduzlar turkumi” degan ma’noni anglatadi.

Burjlarning nomlari bizga qadimgi rimliklardan yetib kelgan, ular esa bu nomlarni yunonlardan olishgan. Yunonlarga esa yulduzlar to’g’risidagi ma’lumotlarning bir qismi bobilliklardan o’tgan.

Bobilliklar yulduzlar turkumini hayvonlar, qirollar, qirolichalar va rivoyatlar qahramonlari oti bilan atashgan. Keyinchalik qadimgi yunonlar Bobilda qaror topgan nomlarni Gerkules, Orion, Persey kabi o’z qahramonlari nomi bilan o’zlashtirishgan. Bunga qadimgi rimliklar ham o’z hissasini qo’shishgan. Ayni paytda biz ham o’sha ko’hna nomlarni ishlatamiz, lekin bu nomlar anglatgan timsollarni har doim ham osonlikcha tasavvur qila olmaymiz. Masalan, Burgut, Kichik va Katta Ayiq hamda Mezon burjlari o’z nomlariga unchalik mos kelmaydi.

Mashhur munajjim Ptolemey, taxminan, melodiy 150 yili o’ziga ma’lum bo’lgan 48 ta burjning ro’yxatini tuzgan. Bu ro’yxatga yulduzli osmondagi burjlarning barchasi ham kirmagan, ko’pchilik burjlar tushib qolgan. Shuning uchun ham olimlar keyinchalik Ptolemey tuzgan ro’yxatga qo’shimchalar kiritib, uni kengaytirishgan. Keyinchalik kashf etilgan burjlarga ilmiy asboblar nomi berilgan: Sekstant, Kompas, Mikroskop singari. Bungungi kunda fanga 88 ta burj ma’lum. Burj osmonning ma’lum bir qismini egallaydi. Buning ma’nosi shuki, har bir yulduz, Amerika Qo’shma Shtatlaridagi ma’lum bir shtatda joylashgan shahar kabi, muayyan burjda qo’nim topgan. Bir vaqtlar burjlar chegarasi doimiy bo’lmagan va siniq holda bo’lgan. Munajjimlar 1928 yili burjlar chegarasi to’g’ri chiziqdan iborat bo’lishi uchun ularni to’g’rilshga qaror qilishdi.