Chivinlar qanday kasalliklarni tashiydi?

Hasharotlar orasida chivin odamning ta’bini ko’p xira qiladi. Ular ilgari qishloq joylarda va bog’-hovlilarda odamlarning joniga tekkan bo’lsa, endilikda hatto shahar markazlarida ham orom bermaydi. Eng muhimi, chivinlar chaqqani yetmaganday turli xavfli kasalliklarni ham tashiydi. Shifokorlar va biologlarning ta’kidlashicha, chivinlar uch asosiy turdagi kasalliklarni tarqatadi. Birinchisi, asosan tropik kengliklarda tarqalgan bezgakdir. Afrikada har yili millionlab bolalar bezgak tufayli hayotdan ko’z yumadilar. Ikkinchisi, mikroskopda ko’rinadigan ipsimon qurtlar tarqatadigan kasalliklar guruhidir. Bu qurtlar limfatik va qon yuradigan sistemaga kirib qolsa, tomirlarning tiqilishi, tomirlarda qonning ivishi, qo’l-oyoqlarda limfalar yig’ilib qolishiga olib keladi, natijada qo’l va oyoq dahshatli tarzda shishib ketadi (buni «fillashuv kasalligi» deyishadi). Qurti mo’l bo’lgan chivin bemorning qonini so’radi va uni sog’lom odamlarga chaqqan payti yuqtiradi. Bunday kasalliklar Janubiy Amerika, Afrika va Osiyoda keng tarqalgan. Uchinchisi, chivinlar turli mikrob va viruslar tug’diradigan yuqumli kasalliklarni tashiydi. Bularga, masalan, tropik bezgak, sariq bezgak, turli-tuman entsefalitlar (bosh miyaning yallig’lanishi) kiradi. Olimlarning bu kasalliklar ustidan g’olib chiqish harakatlaryga qaramay, chivinlar o’zlarining xavfli faoliyatini davom ettirayotgani achinarlidir. Qaysidir davrda bunday xavfli kasalliklarga chalingan bemorlar soni kamaysa, navbatdagi davrda chivinlar kasridan kasallikka chalingan bemorlar soni ko’paysa ko’payadiki, aslo kamaymaydi.