Dengizning ham ovozi bormi?

Savolga javob izlayotib, xayolingizga keladigan ilk fikr, bu yerda dengiz shovqini, to’g’rirog’i, uning to’lqinlari shovqini nazarda tutilayotgan bo’lsa kerak, qabilida bo’lishi shubhasiz. Qisman bunda ham jon bor. Ammo bu go’zal shoirona tashbih, o’xshatishdir, xolos. Shu tariqa shamolni osmonning ovozi, aks-sadoni esa tog’larning ovozi deyish ham mumkin. Ammo «dengiz ovozi» degan rasmiy atama muomalaga kirganiga yarim asrdan oshdi va u, inson nuqtai nazariga ko’ra, ko’ngilsiz tabiat hodisasini anglatadi. Asrimizning 40-yillari oxirida kunlardan bir kun Malakka bo’goziga kirgan kemalar halokatga uchragan kemaning yordam so’rayotgani to’g’risida signal olishadi. G’alati bir radiogramma keladi: «hamma halok bo’ldi… Mendan boshqa hech kim tirik qolmagan bo’lsa kerak…»Yetib kelgan qutqaruvchilar joni uzilayotgan radistning gaplarini tasdiqlashdi. Ular paroxod bortiga chiqib, dahshatli manzaraning guvohi bo’lishdi: paluba dahshatdan ko’zlari baqrayib, yuzlari qiyshayib qolgan dengizchilarning jasadi bilan to’la, ammo kemaning hech bir yeriga shikast yetmagan edi. Dengiz odatdagiday to’lqinlanib turar, atrofida qaroqchilar ham ko’rinmas edi. Unda ekipaj nega halok bo’ldi? Mutaxassislar ko’pchilikning bir vaqtda halok bo’lishiga uzoq vaqt javob qidirishdi. Har xil farazlar o’rtaga tashlandi. Alaloqibat, odamlarni «dengiz ovozi» nobud qilgan, degan xulosaga kelindi. Bu qanday dahshatli hodisaki, birdan shuncha odamning umriga zomin bo’lsa? «Dengiz ovozi» juda past (10-15 gers atrofida, u infratovush ham deb ataladi) chastotadagi tovush tebranishlaridir. Bunday ovoz suv yuzasida o’rkachli to’lqinlar ortida girdob hosil bo’lishi va uning atrofida shamol esishi natijasida hosil bo’ladi. Shamol kuchaygan sari to’lqinlar ko’tarilib boradi va «dengiz ovozi» yaqinidagi odamlarni o’lim komiga torta boshlaydi. «Dengiz ovozi» odamlarni halok etishining bir necha sababi bor. Bizning qon aylanish sistemamiz o’zining past chastotali tebranish harakatiga ega. «Dengiz ovozi» tebranishlari bizning qon aylanish sistemamiz tebranishlariga qo’shilib, ma’lum sharoitlarda yurak urish amplitudasini keskin oshirib yuboradi. Oqibatda arteriya qon tomirlari qonni o’ziga sig’dira olmay holadi. Ikkinchi sabab shuki, havo infratovushni yutmaydi va u pasaymasdan, uzoq masofalarga tarqalish xususiyatiga ega. Ko’pincha dengizda shtorm ko’tarilganda, suvliklardan uzoqda yashaydigan kishilar ko’proq aziyat chekishadi. Bu ulargacha yetib kelayotgan sokin, ammo xavfli infratovush oqibatidir. U yurakning tepish maromini buzadi (yo tez urdiradi, yo to’xtatib qo’yadi), kuchli bosh og’riqlari qo’zgaydi. Odamlarni yoqtirmaydigan «dengiz ovozi» mana shu.