Eng chuqur okean qaysi?

Okeanlar ko’p jihatdan hali-hanuz jumboqligicha qolmoqda. Biz ularning yoshini ham bilmaymiz. Yer taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida okeanlar hali paydo bo’lmagani ham ehtimoldan xoli emas. Inson okeanlar tubini tadqiq qilmoqda. Okeanlar tubi 3 600 metr chuqurlikkacha yumshoq loyqasimon cho’qindilar bilan qoplangan. Ular mayda dengiz jonivorlarining ohaktoshga aylangan skeletlaridan tarkib topgan. 6 km.dan oshadigan chuqurliklar mayda qizg’ish loyqa bilan qoplangan va u «qizil loy» deb ataladi. Uning tarkibiga hayvonlar skeleti zarralari, mayda o’simliklar qoldiqlari va vulqonlar kuli kiradi. Ayni paytda okeanlarning chuqurligini o’lchash uchun suv ostiga tovush to’lqinlari yuboriladi, undan esa aks sado qaytadi. Tovush okean tubiga yetgan va unga urilib qaytib kelgan vaqt o’lchanadi. Ushbu vaqt kattaligi esa ikkiga bo’linadi. Shunga asoslanib, biz okeanlarning o’rtacha chuqurligini va eng chuqur joylarini ko’z oldimizga keltiramiz. Eng chuqur okean tinch okeanidir, uning o’rtacha chuqurligi — 4 281 metr. Hind okeaniniki — 3 963 m, Atlantika okeaniniki — 3926 m. Taqqoslash uchun bir misol: Baltika dengizining o’rtacha chuqurligi, boryo’g’i — 55 metr. Bugungi kunda eng chuqur joy tinch okeanida bo’lib, uning chuqurligi 11 022 metrni tashkil etadi. Atlantika okeanidagi Guam orollari yaqinidagi boshqa bir chuqur joy esa 9 219 metrdir. O’z maydoniga ko’ra, ko’pgina dengizlardan katta bo’lgan Gudzon ko’rfazining o’rtacha chuqurligi 183 metrdan oshmaydi.