Gaviallar nima?

Yer yuzida katta-kichik timsohlarning 20 dan oshiq turi yashaydi. Ularning eng kattasi gavialdir, ularning ayrimlarining bo’yi yetti metrdan oshadi. U ham timsohlarning qadimiy turlaridan sanaladi. Gaviallarning ajdodlarini dinozavrlar deb hisoblashadi. Ular bundan 200 million yil oldin Hindiston daryolarida yashagan va hozir ham shu yerda yashamoqda. Gaviallar mutlaqo beziyon maxluqlardir. Ular timsohlarning odamlarga xavf solmaydigan yakkayu yagona turidir. Ular odamlardan cho’chiydi, sal shubhali shovqin eshitib qolsa, o’zini darrov suvga urib, daryo o’simliklari orasiga bekinadi. Gaviallar faqat baliq yeb kun kechiradi. Uning jag’lari o’tkir tishlar o’rnatilgan uzun tayoqqa o’xshaydi. Gavial baliqni ushlashi hamono suv yuziga suzib chiqadi va burni bilan qimirlatib, baliqni boshi bilan tomog’iga kiritadi. Katta baliq tutib olsa, u o’ljasini tishlab, maydalab yutadi. Gaviallarning xulqi va hayoti haqida ma’lumotlar kam. Ular yashayotgan hudud yil sayin qisqarib bormoqda. Bu beozor hayvonlarni chiroyli terisi uchun shafqatsizlarcha qirib tashlashmoqda. Hozirgi paytda Hindistonda bu timsohlarni ovlash va timsoh terisidan tikilgan buyumlar bilan savdo qilishni taqiqlash haqida qonun qabul qilingan. Ma’lum bo’lishicha, mana shunday maqbul sharoit ham ularga foyda bermayapti. Tuxumdan chiqqan timsohlarning yuztadan bittasi balog’atga yetmoqda. Bahorgi toshqinlar ularni dengizlarga uloqtirib ketmoqda, daryolarda jon saqlab qolganlari esa yirik baliqlar va yirtqich qushlarga yemish bo’lmoqda. Gavial urg’ochisi qumga qo’yayotgan tuxumlar har doim ham saqlanmaydi. U ko’pincha qorong’i tushishi bilan qirg’oqqa chiqib, qumdan har bir tuxumiga alohida chuqurchalar qaziydi. Urg’ochi yosh gaviallar kattalariga nisbatan kam — 20— 30 ta tuxum qo’yadi, kattalari esa yuztagacha qo’yishi mumkin. Urg’ochilari tuxum qo’yishlari hamon chuqurchani ko’madilar va hech narsa qazib olib yeb qo’ymasligi uchun tuxum ustini hafsala bilan tekislab qo’yadilar. Shaqallar timsoh tuxumiga o’ch hayvonlardan sanaladi, ular tuxumni hididan biladi va topib yeb qo’yadi. Haddan ziyod ehtiyotkorlik xalaqit bermaydi. Ammo kalamushlar yetkazayotgan zarar ancha noxush. Ular ham timsoh tuxumiga oshufta va ayyorroq ish tutishadi; ular tuxum ko’milgan joyga sal nariroqdan yo’l qazib keladi, bunday holda timsohlarning o’zi ham tuxumning yo’qligiga shubha qilmaydi. Tuxumlarga hech balo qilmagan bo’lsa, birmuncha vaqtdan keyin qum orasidan chiyillagan ovoz eshitiladi; demak, timsohchalar tuxumni ochib chiqqan. Ona timsohlar xushyor tortib, qumni qazib ochadi va bolalarini daryoga boshlab ketadi. Shunisi ajablanarliki, ular timsohcha oldiga ko’rishga oshiqayotgan va otasini, na boshqa gaviallarni yaqinlashtiradi. Jajji gaviallar dastlabki paytlarda ota-onasining kuzatuvi ostida suzadi va baliq ovlaydi, yetilgan payti sayyohatga chiqadi, mustaqil hayot kechirishi uchun joy tanlab topadi.