Geveya nima?

O’simliklar tarixida geveya yoki kauchuk daraxtining hayoti juda qiziqarlidir. Ispan bosqinchilari Janubiy Amerikani kashf etgan ilk kunlardanoh rezina sharlar bilan o’ynayotgan bolalarni ko’rishib, kauchuk suvni, havoni o’tkazmaydigan va boshqa xossalarga ega ekanini anglab etishdi. Rezina shinalar ishlab chiqarila boshlangach, kauchuk sanoati mislsiz darajada rivojlanib ketdi. Kauchuk daraxtlari ekvatordan 10 gradusdan uzoq bo’lmagan shimol va janub mintaqalarida o’sadi, shuning uchun ham ekvatorning har ikkala tarafidagi 1300 km enlilikdagi zona «kauchuk mintaqasi» deb ataladi. Kauchuk daraxtlari uchun issiq va nam iqlim hamda hosildor tuproq kerak. Eng ko’p kauchuk «Braziliya geveyasi»dan olinadi. U dastlab Braziliyada topilgani nomidan ham ko’rinib turibdi. Bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan tabiiy kauchukning 96% ushbu daraxtdan olinadi. U kauchuk mintaqasidagi ko’pgina mamlakatlarda yetishtiriladi. Garchi kauchukning vatani Janubiy Amerika bo’lsa-da, u bugungi kunda tropik mintaqasida joylashgan mamlakatlarda, ayniqsa, Janubiy-sharqiy Osiyodagi ko’plab plantasiyalarda o’sadi. Kauchukni olish tartibi quyidagicha: ma’lum bir vaqt daraxt tanasi tilib qo’yiladi, undan sutsimon oq sharbat — tabiiy kauchukning, oqsil va tuzlarning suvli aralashmasi oqib tushadi. Bu lateksdir. U, shuningdek, parakauchuk yoki krep ham deb ataladi. Xuddi qarag’ay yelimi singari lateks geveya tanasidagi tilingan joydan oqib tushadi. U yig’ib, suzib olinadi va suv bilan suyultiriladi. Ishqor quyilgach, eritma bir joyga to’planib, qayishqoq modda — tabiiy kauchuk hosil bo’ladi. So’ngra varaq shaklida presslanib, quritiladi. Tabiiy kauchuk atrofimizda to’lib-toshib yotgan rezina ishlab chiqarish uchun qulay xom ashyodir. Kameralar, g’ildiraklar pokrishkasi va bolalar shishirib o’ynaydigan sharlar — barchasi bir zamonlar geveya tropik daraxtining sharbati bo’lgan.