Gullarning nega hidi va rangi bo’ladi?

Ne ajabki, biz umuman gulligini bilmasdan qaysidir o’simlikning «gulidan» zavqlanamiz! Bordiyu biz o’simlikdagi yorqin rangli o’simtani gul deb hisoblasak, unda katta xato qilgan bo’lamiz. Masalan, bahorda ochiladigan qizilgulning «gultoji» hech qachon gultoj emas. Boshqa tomondan olganda, maysa uchidagi soqolli popuk guldir! Pishib yetilmagan makkajo’xori so’tasi ham gul. Botaniklarning aniqlashicha, gul-gulchang yoki urug’, yoki unisini ham, bunisini ham birga ishlab chiqaradigan o’simlik a’zosidir. Faqat urug’dan ko’payadigan o’simliklarning guli bo’ladi. O’simlikning urug’ hosil qilishi va yetilishiga bevosita tegishli a’zosigina gulga mansub bo’lishi mumkin. Nima uchun gullar hid taratadi? Gullarning gultojlarida ma’lum yog’ bo’lsagina hidi bo’ladi. Bu yog’ni o’simlik ishlab chiqaradi va uning o’sish tarkibiy a’zosi hisoblanadi. Ayni yog’lar murakkab tarkibga ega. Ayrim hollarda bu tarkib parchalanib, tez bug’lanib ketadigan uchuvchan moylar hosil qiladi. Mana shu hol ro’y berganda biz gul taratayotgan hidni sezamiz. Gullar taratadigan turli hidlar uchuvchan moylarning kimyoviy tarkibiga bog’liq bo’lib, ularning birikmasi turli hidlar hosil etadi. Aytgancha, ayni yog’lar nafaqat gullarda, balki o’simliklarning barglarida, po’stida, ildizida, hosil va urug’larida ham bo’ladi. Misol uchun, bunday yog’ limon va apelsin mevasida, bodomning urug’ida, dolchinning po’stlog’ida mavjuddir. Gullarning rangi qanday hosil bo’ladi? Gullarga qizil, ko’k, och binafsha, gunafsha va boshqa nozik tus beradigan pigmentlar «antosianin» deb aytiladi. Sariq, to’q sariq, yashil ranglar boshqa pigmentlardan hosil bo’ladi. Bu xil pigmentlar xlorofill, karotin va hokazo deyiladi. Bu pigmentlarning kimyoviy tarkibi ham turlichadir. Shunday qilib, gullarning rangi pigmentlar — antosianin va plastidlarning mavjudligiga bog’liq. Ayrim pigmentlar bir rang bersa, boshqasi boshqacha rang beradi.