Hojiakbar Shayxov (1945-2002)

Hojiakbar Shayxov (1945.25.3, Shinjon, Xitoy — 2002.27.5, Toshkent) — fantast yozuvchi va publitsist. O‘zbek ilmiy-badiiy fantastikasining asoschilaridan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1997).

Ota-bobolari asli toshkentlik bo‘lib, Sharqiy Turkistonga ko‘chib ketishgan va 1955 yil vataniga qaytishgan. Toshkent politexnika intining energetika fakultetini tugatgan (1971).

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Elektronika institutida yetakchi muhandis (1978—81), «Yosh gvardiya» nashriyotida bo‘lim mudiri (1981—84), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (1984—89), 1999—2000 yillarda «Sirli olam» jurnali va uning ilovasi — «Qalb ko‘zi» gazetasining asoschisi va bosh muxarriri. «Yozuvchi» nashriyotining direktori (1996—2000), O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari (2001 yildan) bo‘lib ishlagan.

Hojiakbar Shayxov 30 dan ziyod ilmiy-fantastik hikoyalar, qissalar va romanlar muallifi. «Rene jumbog‘i» (1977), «Zalvorli odimlar» (1977), «Ettinchi operatsiya» (1979), «G‘aroyib ko‘lanka» (1980), «Olmos jilosi» (1983), «So‘nggi ajdarning halokati» (1985), «Hayotbaxsh xayollar» (1985), «Ajdodlar xotirasi» (1986), «Yonar dare» (1986), «Maktab sahnasi» (1988), «Sehrli qiz» (1989), «Telba dunyo» (1990), «Tutash olamlar» (1996), «Jodugarning eri» (1999), «Ikki jahon ovorasi» (2001) va b. fantastik qissa va romanlari bor.

Asarlarida ezgulik va yovuzlik, to‘g‘rilik va egrilik, bag‘rikenglik va xudbinlik o‘rtasidagi kurash ilmiyfantastik shakllarda o‘ziga xos yo‘sinda aks ettirilgan. Voqealar silsilasi qanchalik g‘ayritabiiy, qahramonlar esa qanchalik g‘aroyib bo‘lmasin, voqealar Yerdagina emas, butun koinotda, qo‘shni sayyoralarda ro‘y bermasin, ular oxir-oqibat qay bir tomonlari b-n odamlarning bugungi hayoti va tashvishlariga bog‘lanib ketgan. «Fan fidoyisi» (1987), «Zamin shaydosi» (1990) publitsistik asarlari ham chop etilgan.

«G‘aroyib ko‘lanka», «Rene jumbog‘i», «Olmos jilosi» singari asarlari keng kitobxonlar orasida shuhrat qozondi, jahonning bir necha tillariga tarjima qilindi.

Hojiakbar Shayxov o‘zbek adabiyotida fantastika janrining asoschisi sifatida e’tirof etilgan. AQShda nashr qilingan jahonning eng yetuk fantast yozuvchilari haqidagi entsiklopediyaga o‘zbek adabiyotining vakili sifatida aynan Hojiakbar Shayxovning nomi kiritilgani ham buning yorqin dalilidir. Adibning keyingi yillarda yaratgan «Tutash olamlar» trilogiyasi mustaqillik davri adabiyoti rivojiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi.