Infuzoriya — tufelka nima?

Agar siz hovuz suvining bir tomchisini mikroskopda kuzatishda davom etsangiz, cho’ziq shakldagi, bir uchi qayrilgan, ikkinchi uchi kambarroq, tuflichaga o’xshab ketadigan zarraday Vujudni ko’rasiz. Ishonish qiyin, ammo bu vujud hayvon sifatida tasniflanadi, chunki u boshqa hayvonlar kabi o’ziga ovqat topib yeydi, mikroskopda ko’rinadigan o’simlik va boshqa organizmlar (o’simliklar, bilamizki, o’z-o’ziga ovqat hozirlaydi) ni iste’mol qilish ilinjida harakatlanadi. Infuzoriya-tufelkaning tanasi to’la nozik, biz kiprikcha deb ataydigan qivchin bilan qoplangan. Bu tuklar minglab eshkaklardek bir xil harakatlanib, tanani oldinga yo ortga yoki aylanib olishga majbur etadi. Infuzoriya bakteriyalar, jumladan, achitqi zamburug’lar va boshqa bir hujayrali sodda organizmlar — mayda, hayvonsimon mikroblar bilan oziqlangan holda chuchuk suvlarda yashaydi. Uning o’z kiprikchalari harakatini boshqara olishi ehtimoldan yiroq emas, chunki u ovqat ortidan quvib yetishi yoki xavfdan qutulib qolishi uchun yo’nalishini tez o’zgartira oladi. Boshqa tirik organizmlar kabi infuzoriya-tufelkalar ko’payish xususiyatiga ega. Voyaga yetgan payti ular ikkiga ajralib ketadi va ikkita yangi mustaqil organizmga aylanadi. Infuzoriyalar, shuningdek, tanasining ma’lum bir qismini boshqa infuzoriya bilan almashtirib ham ko’payishi mumkin. Infuzoriyalarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, ular inson va boshqa yirik hayvonlar bajaradigan funksiyalarni yakkayu yolg’iz hujayrasida amalga oshiradilar, ayni vaqtda ana shu funksiyalarni inson tanasida, maxsus vazifalarni bajarish uchun ma’lum a’zoda yig’ilgan millionlab hujayralar bajaradi. Funksiyalarning aniq ixtisoslashuvi bir hujayrali infuzoriya-tufelkalarda ham mavjud. Hujayra ichida ikkita, biri ikkinchisidan kattaroq bo’lgan sharsimon massa bor. Bu barcha tirik organizm hujayrasining mag’zi bo’lgan yadrodir. Kichik yadro ko’payish funksiyasini bajaradi. Kattasi esa boshqa funksiyalarni ado etadi. Infuzoriya-tufelka inson tomonidan kashf etilgan va o’rganilgan yuz minglab mikroorganizmlarning biridir. (Mikroorganizmlar shu qadar kichkinaki, ularni kuchli zarrabin va mikroskopsiz tadqiq etib bo’lmaydi). Yerdagi ilk hayvonlar nimasi bilandir mikroskopda ko’rinadigan mana shunday hayvonlarga o’xshagan bo’lsa ajab emas.